13:33 Yosh bolali oilalarga moddiy yordam qanday tartibda amalga oshiriladi? | |
Bolali oilalarni ijtimoiy jihatdan qo`llab-quvvatlashga oid masalalarga oid 3 savolga 3ta javob: Savol: Nafaqa, bola parvarishi bo`yicha nafaqa va moddiy yordam qanday oilalarga va qachondan boshlab to`lanadi? Javob: Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi “Kam ta`minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to`lash tartibi to`g`risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga ko`ra, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo`yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a`zosiga o`rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan eng kam oylik ish haqining 1,5 baravardan ortiq bo`lmagan oilalarga tayinlanadi. Bunday moddiy yordam ariza beruvchining o`zini o`zi boshqarish organiga (yashab turgan mahallasiga) murojaat qilgan oyning keyingi oyidan boshlab to`lanadi. Savol: Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam to`lash muddati qancha? Javob: Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam 6 oy muddatga, bola parvarishi bo`yicha nafaqa esa – 12 oyga tayinlanadi. Biroq bu bola ikki yoshga to`lgan oydan keyingi oyga o`tmasligi kerak. Bundan tashqari, agar tug`ilgan, farzandlikka olingan yoki vasiylikka qabul qilingan ikki va undan ortiq bola parvarish qilinsa, u holda bola parvarishi bo`yicha nafaqa kichik bola ikki yoshga to`lgunga qadar bir baravar miqdorda to`lanadi. Savol: Belgilangan muddat tugagandan keyin ham bola parvarishi bo`yicha nafaqa olish mumkinmi? Javob: Nomi zikr etilgan qarorga ko`ra, bola parvarishi bo`yicha nafaqani kelgusida ham olishga muhtojligi bo`lgan taqdirda uni olgan shaxs to`lovlarning avvalgi o`n ikki oylik muddati tugashidan bir oy oldin, bola ikki yoshga to`lgunga qadar ushbu nafaqani uzluksiz to`lanishini davom ettirish masalasini hal etish uchun belgilangan tartibda mahalla fuqarolar yig`iniga takroran murojaat etish huquqiga ega. Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam to`lashning belgilangan muddati tugagandan so`ng ariza beruvchi nafaqa va moddiy yordam to`lashni yangi muddatga davom ettirilishini so`rab ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam olish uchun ariza oldingi davrda tayinlangan nafaqa va moddiy yordam to`lash muddati tugayotgan oydan keyingi oyga beriladi. Takroriy murojaatlarni ko`rib chiqish umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Manba: Darakchi.uz | |
|
Всего комментариев: 0 | |
| |