12:23 Voy, boshim!.. Migrenni engish mumkinmi? | |
Agar sizni tez-tez bosh og`rig`i, ko`z tinishi va umumiy holsizlanish bezovta qilayotgan bo`lsa, vaqtni o`tkazmay, shifokor huzuriga boring. Chunki bu migren alomatlari bo`lishi mumkin. Xo`sh, migren qanday xastalik? Uning oldini olish, asoratlarini bartaraf etish, umuman, davolash uchun nima qilish kerak? Shular haqida batafsil so`z yuritamiz. Bosh qattiq og`risa... “Uzoq yillardan buyon kuchli bosh og`rig`i tinchlik bermasdi. Bu azob bilan o`n ikki yoshimdan buyon kurashaman. Birinchi marta onam bilan uzoq safarga ketayotganimizda, poezdda kuchli og`riq bezovta qilgandi. Onam shosha-pisha dori izlab, menga qanday yordam berishni bilmay qolganida biz bilan birga ketayotgan ayol osongina “tashxis” qo`ydi: “Bu — migren, tezda og`riq qoldiruvchi dori berib, issiq choy damlang, derazalarni oching, toza havo kirsin!” Dilrabo Hayitova, Surxondaryo viloyati. Ming bir sabab Ha, bosh og`rig`i barchamizga tanish dard. Er yuzida uning 130 dan ziyod turlari tarqalgan. Migren ular ichida eng sirlisi bo`lsa, ajab emas. Na tomografiya tahlilida, na ensefalogrammada aniqlab bo`ladigan bu dardga chalingan bemorlarning bosh og`rig`i sababini bilish anchagina qiyin. Ustiga-ustak, xastalik xurujining sabablarini sanab, adog`iga etib bo`lmaydi. Asabiylashish yoki bir joyda uzoq o`tirib qolish, to`yib uxlamaslik yoxud kech uyg`onish, ko`p ovqat eb qo`yish, ochiqish... Ayniqsa, ob-havo o`zgarishlari — yomg`ir, qor, bulut, xullas, tabiatning barcha injiqliklaridan avval darrov “xabar” keladi. Hatto tibbiyot ham ojiz Migren xastaligining asl sababini zamonaviy tibbiyot hali aniqlaganicha yo`q. Kimdir ushbu kasallikka shokolad, pishloq, choy, qahva, sitrus mevalari sabab bo`ladi, desa, boshqa birov doimiy asabiylashish yoki genetik moyillikni vaj qilib ko`rsatadi. Yana bir taxminga ko`ra, organizmdagi gormonal o`zgarishlar ham xurujga sabab bo`lar ekan. Shuning uchun hayz kunlari arafasida ko`pchilik ayollarni bosh og`rig`i bezovta qiladi. Migren va hayot “Mening bosh og`rig`imga, asosan, kasbim sabab bo`lar edi. Qattiq charchaganimdan bo`lsa kerak, og`riq qoldiruvchi dorilar ham ta`sir qilmayapti, deb “Tez yordam” chaqirar, shifokor tomirimga tinchlantiruvchi dori yuborgach, biroz o`zimga kelardim. Ammo ertasiga yana shu ahvol... Bu darddan nihoyatda charchagach, salomatligim haqida qayg`ura boshladim. Tibbiy tekshiruvlardan so`ng qon bosimim pastligidan boshqa biror xastalik belgisi aniqlanmadi. Nevropatolog esa kasbimni o`zgartirib (maktabda o`qituvchi bo`lib ishlardim), tez-tez sayrga chiqishim, to`laqonli dam olishim kerakligini ta`kidladi. Ammo men sevimli ishimni tashlay olmasdim...” Zarnigor YuSUPOVA, Namangan shahri. Shifokor dalili Turli mamlakatlarda o`tkazilgan ilmiy tadqiqotlar natijasiga ko`ra, er yuzidagi aholining 3-16 foizi migren xastaligidan aziyat chekishi ma`lum bo`ldi. Ushbu xastalik ayollarni erkaklarga nisbatan uch baravar ko`proq bezovta qiladi. Ayollarning, asosan, 40 yoshdan keyin, erkaklarning esa 35 yoshda migrenga duchor bo`lishlari aniqlangan. Avvallari shifokorlar 40 yoshdan keyin mazkur kasallik o`z-o`zidan yo`q bo`ladi, deb ishontirishgan bo`lsa, bugun bu fikr butkul o`zgardi. Izlagan imkon topar! Zarnigor YuSUPOVA yo`llagan maktubning davomi: “... Oxir-oqibat ishimni o`zgartirishga to`g`ri keldi. Shovqin-suronli maktabimni tashlab, muzeyga ishga joylashdim. Rost, ancha engil tortdim. Doimiy ravishda fitnes bilan shug`ullanganim bir muddat kasallikni unutishimga yordam berdi. Ammo ishimni sevmasdim, uni o`zgartirgim kelaverardi. Xullas, endi meni migren va depressiya qiynay boshladi. Shifokor kerakli dori-darmonlarni tavsiya qildi. Tuzalishdan umidimni uzib, qolgan umrimni shu xastalik bilan o`tkazishga o`zimni ishontirib bo`lgan bir paytimda muolajalar samara bera boshladi. Shifokorimning aytishicha, hozir shunday dori vositalari mavjudki, kasallikni o`z vaqtida aniqlab, tezkor choralar ko`rilsa, ular yordamida dardni butunlay engish mumkin. Bunga o`zim ham amin bo`ldim.” Tibbiy tahlillardan ma`lum bo`lishicha... Hisob-kitoblarga qaraganda, migrenga chalingan bemorlar qariyb ikki yil umrlarini xurujlarga dosh berib o`tkazishar ekan. Demak, umrni zoe ketmazmay, kasallik alomatlari sezilishi bilan nevropatolog ko`rigidan o`tish, xastalikka harshi kurashish darkor. Unutmang, shifokorning ilk qabuliga alohida tayyorgarlik zarur. Ya`ni bemor qanday holatlarda xuruj boshlanishi, uning qancha muddatda takrorlanib turishi, umumiy holatdagi o`zgarishlar haqida to`liq ma`lumotlarni eslab, mutaxassisga anih va batafsil ma`lumot berishi lozim. Og`riqqa qarshi kurash Shifokor bilan birgalikda aynan nimalar bosh og`rig`ini keltirib chiqarayotganligini aniqlash zarur. Bugungi kunda og`riqni butkul bartaraf eta oladigan maxsus dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. Ularni og`riq kuchaymasidan avval ichish darkor. Migrenga befarq bo`lish yaramaydi. Aks holda o`zingizni migrenoz insultga mubtalo qilishingiz mumkin. Migren haqida 5 fakt Migren — fransuz tilidan “boshning yarmidagi og`riq”, deb tarjima qilinadi. U o`zgaruvchan kuchli og`riq bilan kechadigan xastalik bo`lib, odatda, to`rt soatdan uch sutkaga qadar davom etishi mumkin. Garchi, kuchli og`riqlar bilan kechsa-da, organizmga o`ta zararli ta`siri kuzatilmagan. Bosh og`rig`idan xalos bo`lish istagidagilarning ko`pchiligi oddiy og`riq qoldiruvchi vositalar, masalan, analgindan najot izlashadi. Ammo analgin bunday paytda yordam bera olmaydi. Boz ustiga uni ko`p ichish zararli. Ayrim tadqiqotlarga ko`ra ma`lum bo`lishicha, migren mushaklarning haddan ziyod zo`riqishi tufayli kelib chiqadi. Kosmetologiyada ajinlarning oldini olish maqsadida qo`llanadigan botulotoksin (botoks, deb ham yuritiladi) muolajasi mushaklarni bo`shashtirish xususiyatiga ega. Shu bois u bosh og`rig`idan xalos bo`lishga yordam beradi. Migren xastaligidan aziyat chekuvchilar, odatda, depressiyadan ham qiynalishar ekan. Shuning uchun bemorlarga tarkibiga serotonin moddasi qo`shilgan antidepressant vositalar ham tavsiya qilinadi. Nevropatolog shifokor Yoqutxon MAJIDOVA tavsiyalari asosida Saodat tayyorladi. | |
|
Всего комментариев: 0 | |