10:22 Tishlarni oqartirish va Sog'lomlashtirish usullari | |
Agar tishlaringiz bezovta qilsa-yu, stomatolog qabuliga borish uchun hafta oxirini kutishga to`g`ri kelsa, ungacha ahvolingizni yaxshilaydigan, og`riqni qoldiradigan oddiy reseptlarni bilib qo`yganingiz zarar qilmaydi. Og`iz bo`shlig`ining birmuncha ko`p uchraydigan kasalliklari haqida stomatolog-shifokor Erkin RASULOV ma`lumot beradi. Karies Karies tishlarni yaxshi tozalamaslik, tarkibida shakarli moddalar bo`lgan eguliklar iste`moli tufayli yuzaga keladi. Afsuski, shirinliklardan voz kechish oson emas, tishlarni mustaqil tozalash ham 100 foizlik samara bermaydi. Shu bois karies paydo bo`lishining oldini olish uchun ham hech bo`lmaganda yiliga ikki marta stomatolog ko`rigidan o`tib turish o`rinli. Bu sizni shifokor qabuliga birmuncha jiddiy muammolar bilan borishdan asraydi. Karies yuzaga kelganda imkon qadar tezroq shifokorga murojaat qiling. Ungacha uy sharoitida og`riq qoldirish uchun quyidagilarni tavsiya etish mumkin: bir stakan suvga bir choy qoshiq ichimlik sodasi solib, kun davomida vaqti-vaqti bilan og`izni chayqab turish kerak. Qora nonning yumshoq qismini sarimsoq piyoz sharbatiga aralashtiring. Hosil bo`lgan massani og`riyotgan tishga qo`ying. Zirani kukun bo`lguncha maydalab, og`riyotgan tishga qo`yish mumkin. Tish emali ta`sirchan bo`lib qolsa… Buning sabablari turlicha. Masalan: • Noto`g`ri ovqatlanish natijasida organizm emalning normal holati uchun kerakli moddalar bilan ta`minlanmaydi. Shirinliklar, shirin, gazlangan ichimliklar va nordon mahsulotlar tish himoya qavatining kimyoviy buzilishiga olib keladi. • Tish nervi yallig`langanda, shuningdek, gigiena qoidalariga amal qilmaslik oqibatida ham tishlar issiq-sovuqqa ta`sirchan bo`lib qoladi... Uy sharoitida qo`llaniladigan quyidagi muolajalar tish emalini mustahkamlashda yordam beradi: 1 stakan yog`siz tvorogga 1 choy qoshiq zaytun yog`i aralashtiring. Hosil bo`lgan massani tishlaringizga 5-10 daqiqaga qo`ying. Keyin og`zingizni iliq suv bilan chaying. Muolajani 7-10 kunda bir marta qo`llang. Og`zingizni kuniga 1-2 marta iliq ko`k choy bilan chayqang. Elakdan o`tkazilgan bug`doy uniga 1 choy qoshiq asal qo`shing. Yaxshilab aralashtiring, hosil bo`lgan «xamir»ni tishlaringizga qo`shing. 10 daqiqadan so`ng avval qaynatilgan suv, keyin biroz isitilgan sut bilan chaying. Muolajani bir haftada 1-2 marta qo`llash mumkin. Milklar qonasa… Milklar yallig`lanishi, asosan gingivit belgisi hisoblanadi. Agar gingivit davolanmasa, birmuncha jiddiy muammo — paradontitga sabab bo`lishi mumkin. Homiladorlik davrida ham milklar qonashi kuzatilishi mumkin. Bu organizmdagi gormonal jarayonlar bilan bog`liq. Shuningdek, chekish, stress va noto`g`ri parhez, qandli diabet kasalligi, organizmda S vitamini etishmasligi ham milklar qonashini keltirib chiqaradi. Agar milklaringiz qizarib, og`risa, uy sharoitida qo`llaniladigan quyidagi reseptlar ayni sizbop: Teng miqdordagi eman po`stlog`i va moychechak qaynatmasini aralashtirib, kuniga 2-3 marta og`zingizni chayqang. Bu milklar shishini, qonashini kamaytiradi. Kuniga 2-3 marta zupturum (podorojnik) qaynatmasi bilan og`zingizni chayqasangiz, bu milklar yallig`lanishiga qarshi ta`sir ko`rsatadi. Teng miqdordagi bo`yimodaron (tsyachiletnik) va qichitqio`t (krapiva) qaynatmasi bilan og`zingizni ertalab va kechqurun ovqatlangandan keyin chaying. Bu milklarni mustahkamlaydi, ularning shishishi va yallig`lanishini bartaraf etadi. Agar milklarga issiq ovqat yoki qattiq egulik bilan ziyon etkazib qo`ysangizu ular shishib, og`risa, marmarak (shalfey) qaynatmasini og`zingizga biroz vaqt solib turing. Muolajani kun davomida bir necha marta takrorlang. | |
|
Всего комментариев: 0 | |