15:46 Tish yuvayotganda suvni o`chirib tursangiz, 10 litr suvni tejagan bo`lasiz | |
Toshkent kimyo texnologiyalari institutida O`zbekiston Ekologik harakati va Ekoharakat Toshkent shahar hududiy bo`limi hamkorligida 15 aprel – Ekologik bilimlar kuniga bag`ishlangan “Yoshlarda ekologik bilim va madaniyatni shakllantirishning dolzarb vazifalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. O`zbekiston Ekologik harakati yoshlar o`rtasida ekomadaniyatni, atrof-muhitni asrash tuyg`usini shakllantirish borasida qator ishlarni olib bormoqda. Bu borada ommaviy axborot vositalarining ahamiyati muhimligi hisobga olinib, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda «Ekologik iste`mol madaniyati», «Chiqindilarni boshqarish» va «Suvni asrash» mavzularida roliklar tayyorlanib, televidenie orqali efirga uzatilmoqda. Davra suhbatida ekologik madaniyatni har kim o`zida shakllantirishi lozimligi ta`kidlanar ekan, masalaning dolzarbligi bir qancha misollar orqali tushuntirib berildi. Misol uchun, tish yuvayotib jo`mrakdagi suvni o`chirib tursak, 10 litrgacha suvni tejashimiz mumkin ekan. Yoki yoz kunlari poytaxtda har bir inson o`rtacha 1000 litrgacha suvni sarf qiladi. Bu raqamlarni butun aholi soniga ko`paytirsangiz, kunlik, oylik suv sarfining miqdori hosil bo`ladi va masalaning dolzarbligini yanada yaqqol tasavvur qilasiz. Davra suhbatida talabalarga ma`lumotlar ana shunday aniq, ravon, ta`sirli va dalillarga boy tarzda tushuntirib berildi. Tadbir so`nggida bugungi kundagi dolzarb ekologik muammolarga bag`ishlangan videoroliklar namoyish etildi. O`z.A Manba: Darakchi.uz | |
|
Всего комментариев: 0 | |
| |