12:25
Terlashga qarshi 7 samarali usul
Yoz keldi, deguncha ko`pchiligimiz terlash muammosidan bezovta bo`la boshlaymiz. Ammo ushbu muammoni hal qilishning zamonaviy choralari mavjud. Ular haqida dermatolog-shifokor Nodira AKROMOVA ma`lumot beradi.

1. To`g`ri ovqatlanish juda muhim

Agar sizni surunkali ravishda ortiqcha ter ajralishi bezovta qilayotgan bo`lsa, kofein va teobromin moddalariga boy mahsulotlarni iste`mol qilmang. Ya`ni choy, qahva, kakao, shokolad va shirin gazlangan suvlardan ehtiyot bo`ling. Achchiq, sho`r hamda spirtli mahsulotlar ham ortiqcha tashvishlarga sabab bo`ladi. Agarda sabzi, grechixa, anjir va ko`katlardan ko`proq iste`mol qilsangiz, terlashni oz bo`lsa-da kamaytirgan bo`lasiz. Kalsiyga boy mahsulotlardan ham tanovul qilishga odatlaning.

2. Davolovchi antipersperantlar

Oddiy dezodarat va antipersperantlar o`rniga tarkibida alyumoxlorid, ruh va ... moddalari 30 foizdan kam bo`lmagan maxsus vositalardan foydalaning. Ularni muntazam ravishda qo`llash ter ajralishining kamayishiga yordam beradi. Ammo ba`zi hollarda terining yallig`lanishiga sabab bo`lganligi tufayli davolanishni to`xtatishga to`g`ri keladi. Shu sababdan ushbu vositalarni qo`llashdan avval dermotolog-shifokor bilan maslahatlashish zarur.

3. Elektrofarez muolajasi

O`zgaruvchan toklarning ter bezlariga ta`sir qilishi organizmda ter ajralishining normallashishiga sabab bo`ladi. Odatda 8-9 muolajadan keyin samara yaqqol ko`zga tashlanadi. Bu usul oyoqlari terlaydiganlar uchun juda foydali.

4. Botulotoksin in`eksiyasi

Qo`ltiqosti gipergidrozida, ayniqsa, samarali hisoblanadigan ushbu usul tananing ma`lum qismlariga maxsus suyuqlik yuborish orqali amalga oshiriladi. Muolajadan so`ng natijani 6-8 oy davomida ushlab turish mumkin.

5. Psixoterapevtik usul

Buni qarangki, kuchli hayajon, qo`rquv yoki stress ham inson tanasida ko`p miqdorda ter ajralishiga sabab bo`lishi mumkin ekan. Muammoning oqibati bilan emas, sabablari bilan kurashishni istasangiz, ruhshunosga murojaat qiling.

6. Lazer terapiyasi

Lazer nurlari ter bezlari faoliyatini to`xtatib qo`ygani tufayli amaliyotda keng qo`llanilmoqda. Muolaja 20-30 daqiqa davom etadi va og`riqsiz kechadi. Natija bir martadayoq sezilganligi tufayli amaliyotga qayta-qayta murojaat qilishga hojat qolmaydi.

7. Jarrohlik

Simpatik asab tolalariga jarrohlik yo`li bilan maxsus tok yordamida ta`sir o`tkazish orqali ham muammodan xalos bo`lish mumkin. Ammo yodingizda bo`lsin, bu usul faqat boshqa davolash choralari samara bermagandagina qo`llaniladi. Ko`pincha u qo`l yoki oyoq kaftlari terlaydigan kishilarga tavsiya etiladi. Muolajaga kirishishdan avval amaliyot narkoz ostida bajarilishini ham yodingizda saqlang.

SAODAT tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz
Категория: Qiziqarli foydali maslahatlar / Kerakli maslahatlar | Просмотров: 960 | Добавил: Admin | Теги: Terlashga qarshi 7 samarali usul | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar