12:22 Sovuq mavsumda immunitetni mustahkamlaymiz! Foydali maslahatlar | |
Qish faslida organizmni virus va infeksiyalar hujumidan himoyalash uchun immunitetni mustahkamlash lozim. Shu ma`noda biz quyida tavsiya etmoqchi bo`lgan mahsulotlarni kundalik taomnomangizga kiritsangiz, turli xastaliklar, shamollash va tumovni butkul unutasiz. Ko`k choy Salomatligini qadrlaydiganlar tongni bir piyola ko`k choy bilan qarshi olishadi. Chunki ko`k choy tarkibida inson organizmining immun tizimi uchun zarur bo`lgan vitamin hamda antioksidantlar mavjud. Kuniga 1-2 piyola ko`k choy ichib tursangiz, kasalliklarga chap bera boshlaganingizni tez orada o`zingiz ham sezasiz. Ko`k choyga bir dona olma, yarimta limon sharbati, shakar o`rniga esa bir qoshiq shifobaxsh asal solib ichsangiz yanada foydalidir. Sarimsoq va piyoz Sarimsoq organizmdagi foydali bakteriyalarni ko`paytiruvchi tabiiy probiotik bo`lgani bois, immunitetni mustahkamlash xususiyatiga egadir. Uning tarkibidagi allisin, axion va tiosulfat kabi birikmalar infeksiyalarga qarshi kurashishda tengi yo`q vosita sanaladi. Shuningdek, sarimsoq angina, bronxit va o`pka shamollashida ham foydali. Sarimsoqdan tashqari, probiotiklar turkumiga piyoz, ko`k piyoz va bananni ham kiritish mumkin. Ulardan ham muntazam iste`mol qilib borish koni foyda. Sutning foydasi Kundalik dasturxoningizda bifido va laktobakteriyalarga boy sut mahsulotlari mavjud bo`lsa, immunitetingiz yanada mustahkamlanadi. Kuniga ikki piyola sut (mahsulotlaridan masalan, bir piyola yog`siz sut yoki tabiiy yogurt, qatiq) iste`mol qilsangiz, butun qish davomida shamollamaysiz. Baliq va dengiz mahsulotlari Dengiz mahsulotlari rux moddasiga boy bo`lganligi tufayli immunitetni mustahkamlashda benazir vositadir. Ular tarkibidagi to`yinmagan yog` kislotalari kuchingizga-kuch qo`shadi. Bilsangiz, organizmga etarli miqdorda rux moddasi kelib tushsa, immunitet mustahkamligiga sabab bo`luvchi kortizol gormoni faol ishlab chiqarila boshlaydi. Bundan tashqari, yodga boy bo`lgan dengiz karami ham organizm uchun juda foydalidir. Sitrus mevalari Ular S vitaminining asosiy manbai bo`lgani bois kundalik taomnomangizdan joy olishi lozim. Sitrus mevalari tarkibidagi antioksidantlar esa immunitetni mustahkamlab, nafas olish tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Biroq me`da-ichak xastaliklari va allergiyada sitrus mevalaridan tiyilgan ma`qul. Sabzi Sabzi sharbatida beta–karotin, kalsiy, temir, kaliy, mis va boshqa bir qator vitaminlar bo`lganligi uchun immuniteti zaiflashib qolganlar uni ko`proq ichishlari kerak. Bundan tashqari, sabzi infeksiyalarga qarshi kurashadi. Garchi, qaynatilgan va qovurilgan sabzida ham vitaminlar saqlanib qolsa-da, uni xomligicha iste`mol qilish foydali. Go`sht Tovuq, kurka va buzoq go`shti temir hamda rux moddalariga boydir. Immunitet mustahkamlanishi uchun juda zarur egulik hisoblanadi. Kuniga 70–100 gr. yog`siz go`sht tanovvul qilinsa, organizmning immun tizimi yanada faolroq ishlay boshlaydi. Chunki go`sht tarkibidagi oqsillar virus va bakteriyalarga qarshi kurashuvchi antitanalar ishlab chiqarilishida ishtirok etadi. Ziravorlar Lavr yaprog`i, zanjabil, dolchin, ukrop, selderey va turli ziravorlar zaiflashib qolgan immunitetni mustahkamlaydi. Sedana ham immunitetni oshiruvchi ziravorlar sirasidandir. Uning tarkibida oshqozonning yog` va yog` kislotalarini parchalashga yordam beruvchi lipaza mavjud. U moddalar almashinuvini yaxshilaydi, natijada, immunitet o`z-o`zidan mustahkamlanib boradi. Saodat tayyorladi. | |
|
Всего комментариев: 0 | |