22:57 «Sizga havas qilaman, Sizni yaxshi ko`raman, Oyijon!» | |
Assalomu alaykum, oyijon! O`n yildan beri Sizga «oyijon» deb murojaat qilaman. Bir paytlar bu so`zda mening Sizga bo`lgan asl munosabatim aks etmasdi. Yanayam ochiqroq aytadigan bo`lsam, Sizni o`z onamdek ko`rmasdim. O`g`lingiz bilan sevishib turmush qurganmiz, hamma qaynonadan omading chopdi, aqlli ayol, mahalla xotin-qizlar qo`mitasi raisi, bundaylarning oilasi tinch bo`ladi, derdi. Ammo ilk kunlarda Sizdan juda qo`rqardim. Erimning ko`ngli menda, endi qaynonamning yuragiga yo`l topishim kerak deb o`ylardim. Shuning uchun aytganlaringizni so`zsiz bajarishga, hatto aytmasingizdanoq qilib qo`yishga intilardim. Hamma kelinlar ertalab soat 6 da tursa, men 5 bo`lmasdan ko`cha supurgani chopardim. Faqat o`zimizning emas, qo`shnilarning ham eshigini supurardim. Qaynonam meni deb ko`chadan maqtov eshitib kelsin, derdim. Ammo ilk tanbehni ana shu qo`shnilarni sabab eshitganman Sizdan. — O`zingizcha qo`shnilarga yaxshi ko`rinaman, deb urinmang. Suv sepayotganingizda qo`shnining darvozasiga sachratibsiz, shuni mahalla ayollari orasida gapirib yuribdi. Mendan bemaslahat ish qilmang! Shuni yuragimga qattiq olib, ko`zyosh qilib o`g`lingizning dilini xira qilganimni eslasam, uyalib ketaman hozir. Ammo o`shanda yosh edim, ota-onamdan faqat shirin so`z eshitib katta bo`lgan erkatoy... Birinchi qattiq janjalimiz esa beshik to`yi munosabati bilan chiqdi. — Oyingiz ortiqcha mayda-chuyda qilib o`tirmay, bitta plazma televizor olib kelaqolsin. Ammo men buni oyimga aytolmasdim. Chunki qarindoshlarimiz chaqaloqqa kerakli narsalarni sovg`a qilib uyga tashlab ketishgan, onam ularni karnay-surnay bilan olib kelishga tayyorgarlik ko`rayotgandi. Shularni Sizga aytgandim, yana mendan bemaslahat ish qilibsiz, deb urishdingiz. Men qizalog`imni olib uyga ketdim. Ochig`i, ketmasam ham bo`lardi, lekin endi erim men bilan farzandini deydi, bizdan voz kechmaydi degan ishonch bor edi-da ichimda. Ammo bunday bo`lmadi... Bir oydan keyin oyim kelinilk uyimga olib kelib tashlab ketdi. Shundan keyin arazlab ketmaydigan bo`ldim. Aslini olganda, ko`p narsani Sizdan o`rganganman. Qaynotamga bo`lgan munosabatingiz ibratli edi. Adajonning jahllari chiqqanda Siz hech qachon bir og`iz so`z demasdingiz. Shuningdek, ularga biror marta bepardoz ko`ringaningizni eslolmayman. Bir gal qayntoamning yuraklari xuruj qilib qoldi. Tez yordam chaqirdik. Hamma u kishining atrofida parvona, siz esa ko`zgu oldida yuzingizga upa surayotgandingiz: «Yana «skoriypomosh»dagilar bu ayol buncha o`ziga qaramay yurarkan, erining yuragi bekorga kasal emas ekan-da» deyishmasin», degandingiz o`shanda. Munosabatlarimizdagi burilish nuqtasi men og`ir betob bo`lib qolganimda ro`y berdi. Shifokorlar bachadon saratoni tashxisini qo`yishdi. Tez orada bachadonimni olib tashlashdi, uzoq muddat nur va kimyo muolajalari oldim. Shunday kunlarda qizimni oq yuvib-tarab o`zingiz qaradingiz. Hatto o`g`lingiz dorilarimga pul topa olmay akalarimga aytmoqchi bo`lganida bilaguzugingizni sotib yuborganingizni, «Nabiram etim bo`lib qolsa, shu bilaguzuklar ko`zimga balodek ko`rinadi» deganingizni eshitib, rosa yig`ladim. Xudoga shukrki, dard chekindi va men oilam bag`riga eson-omon qaytdim. Meni eng tashvishga solayotgan narsa oilamni saqlab qolish edi. Endi farzand ko`ra olmasdim. Erim bitta qiz bilan o`tib ketadimi, o`g`il qayg`usi bosmaydimi, uni deb o`ylardim. Bir kun Sizga rejamni aytdim: — Oyijon, farzandingiz o`g`il ko`rishi kerak. Mayli, boshqa ayolga uylana qolsin. Men Sizning yoningizda xizmatingizni qilib yuraveraman. Qizim ota mehridan bebahra qolmasa bo`ldi... — Bu nima deganingiz? Ayol kishi ham shunaqa tez taslim bo`ladimi? Siz kundosh nimaligini bilasizmi? Menga ham, o`g`limga ham bunaqa qurbonlikning keragi yo`q. O`g`lim siz bilan yashaydi va nabiramni birga katta qilasizlar. Jahl bilan, qat`iy ohangda aytayotgan bo`lsangiz-da, men hayotimda eshitgan eng yoqimli so`zlar edi bu. Mana, oradan shuncha yillar o`tdi. Erim bilan tinch-totuv yashayapmiz. Siz hamon baland poshnali tuflida, pardoz-andozli bo`lib, hammaning havasini keltirib yuribsiz. Hech kim Sizni yoshi etmishga yaqinlashib qolgan demaydi. Sizga havas qilaman, Sizni yaxshi ko`raman, Oyijon (endi bu so`zni juda samimiy aytayapman). Minnatdor KELIN | |
|
Всего комментариев: 0 | |