17:17 Sitora Alimjonova: "O`zimni 100 foiz omadliman deb ayta olmayman" | |
Bugunga qadar etarlicha muxlislar topishga ulgurgan, samimiy, har qanday g`amini tabassumi ortiga berkita oladigan aktrisa Sitora Alimjonova bilan Kunutun nashri suhbat uyushtirdi. E`tiboringizga ushbu intervyuni havola etamiz. — Eng xushchaqchaq aktrisalardan biri sanalasiz. Aytingchi, har qanday muammo-yu tashvishlarni ham kulgu bilan enga olasizmi? — Endi, majbursiz. Ko`pincha shunaqa qilaman. Atrofdagilarga ichingizdan nimalar o`tayapti, nimalarni his etyapsiz, albatta, ko`rsatgingiz kelmaydi. Uni yuzaga chiqarganingiz bilan nima foydasi bor?! Shuning uchun doim kulib yurishga harakat qilaman. — Negadir kinoda kamnamosiz. — Turmushga chiqdim, oila, sog`lig`im bilan ozgina muammo bo`lgani uchun ko`p s`yomkalarni rad etdim. Lekin, shunga qaramasdan, hali ekran yuzini ko`rmagan kartinalarim bor. To`yimdan keyin anchagina serial, kinolardagi ijrolarim bor. — Ko`pchilik san`atkorlar e`tibordan chetda qolishdan cho`chiydi. Sizchi? — Bilmadim, bunday holatga tushmaganim uchun his etolmayman. Inson boshiga tushganda biladi. Lekin, nazarimda, faqat Yaratganning aytgani bo`ladi. Mana bir paytlar muxlislari ko`p bo`lgan, doimiy e`tiborda bo`lganlar bugun chetroqda. Demoqchimanki, borgan sari yangi qiyofalar, yangi yulduzlar porlab chiqaveradi. Bizdan keyin ham keladiganlar bor. Muxlislar yodidan chiqmasak-da, baribir ham chetroqda qolaveramiz. Bu hayot qonuniyati, bunga ko`nikish kerak. «Hayotda ko`p kulsam-da, kadrda yig`lashim osonroq» — Aytingchi, kinoda sizga topshirilgan rolni ssenariyda qanday bo`lsa, shundayligicha ijro etasizmi yoki unga qo`shimcha kirita olasizmi? — Har doim ham emas. Albatta, rejissyor bilan maslahatlashaman. — Ko`pincha Durdona To`laganovaning filmlarida suratga tushasiz. Nega? — Durdona To`laganova bilan opam Dildora Hoshimova orqali tanishganmiz. Shu inson meni kino olamiga olib kirdi, aktrisa sifatida kashf qildi. 3-4 kartinalarida suratga tushganman. Shuning uchun meni hamma faqat Durdona To`laganova filmlarida o`ynaydi, deb hisoblaydi. Lekin unday emas. — Umuman o`zingizga qaysi rejissyorlar bilan ishlash ko`proq yoqadi? — Barcha rejissyorning o`ziga yarasha usuli, qarashlari bor. Lekin ko`proq yaxshi kelishib ishlaydigan rejissyorim bu Ozod Shams. Ularning ishlash usuli, tushuntirishlari yaxshi. Bundan tashqari, Mirmaqsud Oxunov, Nozim To`laxo`jaev kabi ijodkorlar bilan ishlash maroqli. — Siz uchun drama janridagi kartinalarda suratga tushish osonroqmi yoki komediyada? — Hayotda ko`p kulsam-da, kadrda yig`lashim osonroq. «San`atkor qanday savol bo`lishidan qat`iy nazar, to`g`ri javob berishi kerak» — Ijtimoiy tarmoqlarda siz haqingizda aytilmagan gap qolmadi. O`zingizni shuncha negativdan qanday himoya qilasiz? Qanday qilib tushkunlikka tushib qolmaysiz? — To`g`ri bunaqa munosabatlardan keyin har qanday inson tushkunlikka tushadi. Rostmi, yolg`onmi bu gaplar baribir sizning sha`ningizga qaratilgan. Boshida rosa o`yladim, tushkunlikka tushdim. To`g`risi, yomon ta`sir qildi. Har tomondan yomon fikrlar yog`ilsa ham, albatta insonga salbiy ta`sir ko`rsatarkan. Lekin yaqinlarim, muxlislarim omon bo`lishsin. Ular doim menga gap-so`zlarga e`tibor qilmasligimni ta`kidlashadi. — Siz ko`p suhbatlarda bo`lasiz. Aytingchi, san`atkor o`ziga ma`qul kelmagan savollarga ham javob berishga majburmi? — Shu paytgacha, qanaqa savol bo`lishidan qat`iy nazar, javob berishga harakat qilganman. Menimcha, javob berish kerak. Ko`pincha savollar muxlislar tomonidan beriladi, ularga qiziq bo`lgan bo`lishi mumkin sizga yoqmagan savol. Shuning uchun ham javob berish lozim. — Nafsoniyatingizga tegadigan savollar bo`lsa hammi? — Agar berilayotgan savol o`rinli bo`lsa, hech qachon nafsoniyatingizga tegmaydi. Aksi bo`lsa ham e`tibor qilmasdan, to`g`ri javobni qaytarish kerak. — O`zingizni omadliman deb hisoblaysizmi? — Ko`p tasodiflar bo`lib qoladi-da, shunday paytlarda omadli, ekanman-da deb o`ylab qolaman. Keyin shunaqa bo`ladiki, hech bir tomonga yo`l yo`q, berk ko`cha. Qaranki, bunday vaziyatlarda ham omadim kelib qoladi. Lekin 100 foiz omadliman deb ayta olmayman. Qachondir omad keladi, qachonlardir aksincha. — San`atkor boshqalarga o`rnak bo`lishi kerak, — deyishadi. Sizningcha, hamma san`at vakillari ham bu mas`uliyatni his etyaptimi? O`zingizchi? — Hozirda bu fikr ko`p aytilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ham shu mavzudagi ko`p fikrnomalarga duch kelamiz. Lekin o`ylaymanki, biror narsani ko`rib, o`sha tomonga tezda og`ib ketish, faqat irodasi bo`sh, kuchsiz odamlarga xos. Har kimning qarashlari turfa. — Turmush qurdingiz. Hayotingizda qanday o`zgarishlar bo`ldi? — Ko`proq uy qizi bo`lib qoldim. Qaynona-qaynotamdan alohida yashaymiz-u, lekin baribir ham ayol turmushga chiqqanidan keyin uyi, oilasini ko`proq o`ylay boshlarkan. — Ko`proq insonlardagi qaysi xislatni hurmat qilasiz? — Samimiylikni. Borligicha o`zini namoyon etgan insonlarni hurmat qilaman. — Ishonuvchanmisiz? — Judayam. — Pand eganmisiz? — Rosayam. Ishonuvchanligim tufayli. — Pand egan insoningizni kechirolasizmi? — Yo`q, ular bilan ortiqcha bahslashmayman ham. Lekin bittasini kechirdim, yaqin insonim bo`lgani uchun. — Mo``jizalarga qay darjada ishonasiz? — Ishonaman. Manba: Darakchi.uz | |
|
Всего комментариев: 0 | |