17:59
SITORA ALIMJONOVA: "KO`NGIL QO`YGANIMGA TURMUShGA ChIQYaPMAN"
Rejissyorlar unda beg`ubor qizaloqni ko`rishadi. Ammo uning orzusi dramatik rol ijro etish! O`ziga ishonchi baland, ba`zan soddaligi ham bordek tuyuladi. Shu kunlarda to`y tashvishlari bilan band bo`lgan aktrisa Sitora ALIMJONOVA bilan suhbatlashdik.

—Sakkizinchi avgust kuni to`y deng, tabriklaymiz!

—Xudo hoxlasa! Tabrik uchun rahmat!

—Kuyovbola bilan tanishtirasizmi?

—Bo`lajak turmush o`rtog`im juda kamtar yigit. Oila a`zolari ham shunday, ovoza bo`lishni istashmaydi. Shunga ham u haqida to`liq ma`lumot berolmayman. Vaqti-soati bilan oilam to`g`risida bilib olasiz, ammo hozir emas. Qolaversa, ko`z tegadi degan gaplar ham bor.

—Irimlarga ishonmasdingiz-u?..

— Ishonishga ishonmayman-u, ammo bu mavzuni shov-shuv qilish shart emas, nazarimda. Baxtiyorligingiz haqida pichirlab gapiring, yaxshisi, umuman indamang, u sukunatni yoqtiradi, deyishadi-ku.

— Bo`lajak turmush o`rtog`ingizni biznes bilan shug`ullanadi, deb eshitdik?..

— Ha, shunday. Asli, otalari tadbirkor, oilaviy an`anani davom ettirgan holda bo`lajak turmush o`rtog`im ham ayni shu faoliyat turini tanlaganlar.

—Balki buning mavridi emasdir, shunday bo`lsa ham yoshi qirqqa yaqinlashib qolgan kishi bilan oila qurganingiz haqida gapirishgandi?..

—Shou-biznesga kirib kelibmanki, men haqimda «Qirqqa kirgan kishi bilan uchrashib yuradi», deya gapirishadi. Hayronman, qaerdan olishgan, kimga kerak bu? Shu paytgacha hayotimdagi yagona muhabbatim bu bo`lajak turmush o`rtog`imdir. U bilan 2012 yil tanishganmiz. To`g`ri, bu orada arazlashib, munosabatlarimizga nuqta qo`yildi ham dedik. Ammo taqdirimiz qo`shilgan ekan, yana uchrashdik, qalbimizdagi tuyg`ular haqiqiy ekanligiga ishonch hosil qildik. Yoshi katta erkak haqidagi gap esa mish-mishdan boshqasi emas.

— Gapingizni bo`laman, kuyovbola bilan qancha vaqt arazda yurdingiz?

—Chamasi olti-etti oylar-ov, balki sakkiz oydir.

— Yaxshigina xafalashibsizlar-da o`ziyam.

— Mish-mishlarning tarqalishi, menimcha, xonandalikka qo`l urganimdan so`ng boshlandi. Negaki, o`sha paytlarda men shartnoma tuzgan kompaniya vakillari tadbirlarda menga hamrohlik qilishardi. S`yomkalarda yonimda bo`lishgan, yoshgina qiz, o`zidan ancha katta erkak bilan biror marosimga kirib kelishi gapiraman degan odamda turli fikrni paydo qilishi mumkin. Ammo bularning bari asossiz.

— Ammo o`sha kompaniya bilan shartnomangiz bekor bo`ldi?

—Ha, chunki moliyaviy masalalarda kelisha olmadik. San`atkorlar orasida bu kabi holatlar bo`lib turadi

— Yoshgina qizning tez fursada tanilishi «Kimidir bor, balki homiysidir» degan fikrni keltirib chiqaradi-da ayrimlarda?..

— To`g`ri aytasiz, afsuski shou-biznes vakillariga nisbatan bu kabi munosabat hali ham saqlanib qolgan. Ammo meni bilganlar «Sitora Alimjonova Durdona To`laganovaning loyihasi» deydi. Negaki, ilk rolimni aynan shu rejissyor filmida ijro qildim. Opam, aktrisa Dildora Hoshimovaning maslahatlari bilan o`zimda aktrisalik qobiliyatini kashf qildim, Durdona opa esa meni kino bilan tanishtirdi. Shu xolos, hech qanday homiy ham, «qo`llab-quvvatlovchi»lar ham yo`q. Rostini aytsam, gap-so`zlardan charchadim. Oxirgi paytlarda e`tibor bermaslikka harakat qilayapman. Kimda kim men haqimda noo`rin fikr bildirsa ham «ha, shunaqadir» deya yon bosayapman. Hammaga asli kimligingizni isbotlayverib ham bezor bo`larkansiz.

— Mayli, to`y bahonasida uchrashdik, keling, achchig`ingizni keltiradigan voqealarni eslamaymiz. Kuyovbola bilan ijtimoiy saytlardan birida tanishganingiz rostmi?

— Ha! U paytlari Koreyada, opamning yonida edim. «Facebook» orqali tanishdik, bir-ikki yozishib turdik. Toshkentga qaytganimdan keyin esa uchrashdik. U meni aktrisa sifatida tanimagan, munosabatlarimiz endigina kurtak ochayotgan mahal taqdirim kino bilan bog`langanini bilmasdim. Oddiygina Sitora edim, xolos.

— To`yingiz Pxuket orolida bo`lishi haqida gap-so`zlar ko`pchilikni o`ylantirib qo`ydi, ishqilib kuyov haqiqiymikan yo ijara olinganlardanmi, deya?

— (kulib) Yo`-o`-o`q, rostakamiga turmushga chiqayapman! To`yga kelsak, bu erda qilinsa ham, xorijda o`tkazilsa ham gap qilishadi. Shunday ekan, nima ahamiyati bor qaerda nishonlanishini. Sohil bo`yida, faqat yaqinlarim qurshovida oppoq kelinlik libosini kiyib oila qurish, bolalik orzum edi. El oldiga dasturxon yozib, rasm-rusumlarni bajarishga qarshimasman, biroq dabdabani yoqtirmayman. Ishonasizmi, shu yoshga kirib atigi 3-4 ta to`yda ishtirok etganman, xolos. Shunda ham o`n besh daqiqa o`tiraman-u, ketaman.

— Yaxshi, kelinsalom-chi, uni ham orolda o`tkazasizmi?

— Kelinsalom Toshkentda bo`ladi, qaytganimizdan keyin. Kichikroq qilib, barcha urf-odatlarga amal qilingan holda o`tkaziladi.

— To`y suratlarini ko`rsatasizmi yo ...

— Kelinlik libosini kiyish har bir qizning orzusi, meniki ham! Albatta, suratga tushamiz, ijtimoiy tarmoqlarga joylanadi ular. Bekitmayman.

— Sal avval xonanda Sharof Muqimov bilan birgalikda kelin-kuyov obrazidagi suratingiz tarqab ketdi. Bilsak, bu internet saytlaridan birining loyihasi ekan?..

— «Shok.uz» saytining o`zbek to`ylariga bag`ishlangan loyihasi bor. Sayt vakillari loyihada ishtirok etish taklifi bilan chiqishganida men aktyor Sherzod Binni aytgandim, birga suratga tushsak bo`ladi, deb. Oradan vaqt o`tib, qo`ng`iroq qilishdi va partnyoringiz Sharof Muqimov deyishdi. Asli, bizdan oldin ham ko`pgina san`atkorlar qatnashishgan, ammo negadir hamma bizni gapirdi.

— Kimlar, masalan?

— Otabek Mutalxo`jaev va Shahzoda Muhammedova, Zarina Nizomiddinova, Munisa Rizaeva va boshqalar. Nima uchun salbiy fikrlar nishoniga aylandik, bilolmadim.

— Loyiha Sharof va Sevinchning ajrashayotgani ma`lum bo`lgan paytga to`g`ri kelgani sabab bo`lgandir balki?

— Bo`lishi mumkin.

— Sevinchga nisbatan atay shunday yo`l tutildi deganlar ham bo`ldi?..

— Bu narsa xayolimga ham kelmagan, ammo Sevinch Mo`minovaning muxlislari meni haqoratli so`zlar bilan xafa qilishdi. Ochig`i, kutilmagan hodisa bo`lganidan nima qilishni bilmay qoldim, axir loyihada ishtirok etayapman, deb o`ylagandim-da. Bu yoqda esa bunaqa gaplar... O`zingiz o`ylang, o`zim bu xonandaning muxlisi bo`lsam, nega endi yomonlik qilishim kerak unga?

— Adashmasam, qaysidir filmda Sevinchning qo`shiqlarini kuylagansiz?

— «Meni sev» kartinasida rejissyor qaysi xonandaning qo`shiqlarini ijro qilolasiz, deb so`ragan. O`ylab o`tirmay Sevinchni aytganman. Sevinch bilan bog`lanib, film uchun taronalaridan foydalanishimiz va men kuylashim haqida aytilgan, roziligi olingan. Bor gap shu.

— «Kelin-kuyov» loyihasida suratga tushayotganingizda bo`lajak turmush o`rtog`ingiz bilan arazda bo`lgan ekansiz?..

— Boya aytdim-u, munosabatlarimizda tanaffus bo`lgan deb, bu o`sha edi. Loyiha tashkilotchilari undan avval ham aytishgandi, qatnashing deb, negadir arazlashgan paytimiz «xo`p», deb yubordim.

— «Senimi shoshmay tur» debsiz-da, kuyovbolaga?..

— Yoshligimga borib, balki shunday o`ylagandirman. O`zingizdan qolar gap yo`q, sevishgan ikki inson o`rtasida bo`ladigan gina-kudurat bu. Lekin shu loyihada ishtirok etganimning munosabatlarimizga ijobiy ta`siri bo`ldi.

— Loyiha sabab yarashib oldik deng?..

— (kuladi) Darrov emas, salgina vaqt o`tib, munosabatlarimiz qayta tiklandi. Kimdir yo nimadir sabab bo`ladi deyishgani shu bo`lsa kerak-da.

— Bundan buyog`iga arazlashib qolsangiz ham bu tariqa jahlini chiqarmang. «Nomer»ingiz qimmatga tushishi mumkin, bilasiz-a?..

— Endi qayoqda, bir oydan keyin turmushga chiqayotgan bo`lsam, axir. Oilali bo`lgach, bu kabi erkaliklarga chek qo`yiladi.

— Kuyovbolaning oila a`zolari aktrisa ekaningizga qanday qarashadi? To`ydan keyin «Sitora Alimjonova kinodan ketarmish» degan xabar chiqmasa deyman-da, mabodo.

— Kinodan ketmayman, bunisi aniq. Bo`lajak turmush o`rtog`imning yaqinlari san`atni tushunadigan insonlar. Kichik tanaffus olishim mumkin. Ammo aktrisalik faoliyatiga nuqta qo`yishni o`ylamayapman.

— Boyadan beri to`y haqida gaplashayapmiz-u, kelinlik vazifalariga qay darajada tayyorsiz, so`ramabman?..

— Hozirdan o`zimni tayyorlab borayapman, yaxshi kelin bo`lishga. Tushunmaganlarimni qaynonam, opamdan so`rab bilib olaman. O`rganishdan sira ham og`rinmayman, asta-sekin kelinlik vazifalariga moslashib olaman.

— Sizning ishtirokingizda so`nggi tomosha qilgan filmim «Yuzsiz» bo`ldi. Ochig`ini aytish kerak, ijodiy o`sish sezildi.

— Rahmat! Bu rol o`zimga ham manzur keldi, sababi avvalgilaridan farq qiladi. Ammo mendagi ijodiy o`sishda Durdona To`laganovaning hissasi katta. Durdona opa ssenariyni men bilan maslahatlashib, imkoniyatlarimdan yanada ko`proq foydalanishimni ko`zlab yozdilar. Menga yoqdi. Aksariyat rejissyorlar tashqi ko`rinishimdan kelib chiqib, yosh qizlarni berishadi. Erka, tantiq qiz rolidan zerikdim, xarakterli, dramatik obrazlarni xohlayapman. Maromiga etkazib ijro qilolaman ham. Shu kunlarda rejissyor Nozim To`laxo`jaevning «Yolg`on girdobi» kartinasida suratga tushayapman. Bu ijodkor bilan ishlash juda maroqli.

— «Yuzsiz»da qaynonangizning xarakteridan norozi bo`laverasiz. Turmushda asli bundan-da qaltisroq vaziyatlar bo`lishi mumkin, qanchalik sabrli bo`lolasiz?

— Bo`lajak qaynonam bilan xarakterimiz o`xshash. Nasib qilsa, tezda til topishib ketamiz.

— Qaynona kelinning tuprog`i bir joydan olinadi, deyishardi...

— Chindan ham shunday, dunyoqarashlarimiz bir-biriga yaqin, deb o`ylayman. Ilgari qaynonasi sabab turmushi bo`lmaganlar haqida eshitsam, vahima bosardi, «Ishqilib o`zimga o`xshash bo`lsinda qaynonam», deya. Astoydil so`ragan ekanman, niyatimga etayapman.

— Yangi hayot ostonasida nimaniki niyat qilsangiz, bari ijobat bo`lsin! To`ydan keyin yana ko`rishamiz, kelinchak qo`lidan choy ichish bahonasida...

— Albatta! Nasib qilsin!

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi
Manba: Darakchi.uz
Категория: Qiziqarli shou biznes yangiliklari | Просмотров: 1190 | Добавил: Admin | Теги: SITORA ALIMJONOVA: KONGIL QOYGANIMG | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar