14:18 SAN`ATKORLAR DAROMAD SOLIG`IDAN TO`LIQ OZOD ETILDIMI? | |
Konsert-tomosha faoliyati bilan shug`ullanish uchun lisenziya olgan jismoniy shaxslarning jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i to`lashdan to`liq ozod qilingani to`g`rimi? Umuman, konsert-tomosha faoliyati bilan shug`ullanish uchun lisenziya olgan jismoniy shaxslar qanday soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarni to`laydi? “Uz24” nashri mazkur savollarga javob olish maqsadida Davlat soliq qo`mitasi Soliq solish metodologiyasi boshqarmasi davlat soliq bosh inspektori Ikrom Allaberganovga murojaat qildi. «Konsert-tomosha faoliyatini lisenziyalash tartibi to`g`risida»gi Nizomning 2-bandiga muvofiq, konsert-tomosha faoliyatini lisenziyalash Milliy estrada san`atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi huzuridagi ijodiy ko`maklashuvchi vakillar guruhining xulosalari asosida «O`zbeknavo» estrada birlashmasi tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur Nizomning 5-bandiga asosan, lisenziya konsert-tomosha faoliyatining 6 reyting guruhlari bo`yicha beriladi: a) I, II, III, IV reyting guruhlari berilishi: yakkaxon ijrochi konsertini tashkil etish (bitta ijrochining yakkaxon konsert dasturi); bitta janrning ikki yoki undan ko`p ijrochisi ishtirokidagi konsert dasturida ishtirok etish; turli janrlar yo`nalishlarining bir nechta ijrochilari ishtirokidagi konsert dasturida ishtirok etish; ommaviy axborot vositalarida qo`shiqlar va video kliplar taqdim etish; to`ylar, yubileylar va boshqa tantanalarda konsert xizmati ko`rsatish huquqini beradi; b) V va VIV reyting guruhlari berilishi to`y, yubiley va boshqa tantanalarga konsert xizmati ko`rsatish (restoranlar, barlar, qahvaxonalar va xususiy uylarda to`y, yubiley va boshqa tantanalarga xizmat ko`rsatish), shu jumladan, ko`ngilochar tashkilotlarda (klublar, diskotekalar, restoranlar, barlar va qahvaxonalarda) konsert xizmati ko`rsatish huquqini beradi. Lisenziya talabgorining arizasiga ko`ra, lisenziya umuman faoliyat turiga yoki uning bir qismiga berilishi mumkin. Nizomning 16-bandiga muvofiq, lisenziya talabgorining lisenziya berish to`g`risidagi arizasi ko`rib chiqilganligi uchun qonun hujjatlarida to`lov kunida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida (bugungi kunda 299 550 so`m) yig`im undiriladi. Lisenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda to`langan yig`im summasi qaytarib berilmaydi. Vazirlar Mahkamasining qarorida konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun davlat boji stavkalari ham tasdiqlangan bo`lib, unga ko`ra konsert-tomosha faoliyati bilan shug`ullanuvchilar reyting guruhlaridan kelib chiqqan holda, yiliga eng kam oylik ish haqining (EKIHning) I reyting uchun EKIHning 195 baravari miqdorida (bugungi kunda 29206,1 ming so`m), II reyting uchun EKIHning 98 baravari (14677,9 ming so`m), III reyting uchun EKIHning 65 baravari (9735,4 ming so`m), IV reyting uchun EKIHning 40 baravari (5991,0 ming so`m), V reyting uchun EKIHning 26 baravari (3894,1 ming so`m) va VI reyting uchun EKIHning 13 baravari (1947,1 ming so`m) miqdorida davlat bojini to`laydilar. Soliq kodeksining 180-moddasi birinchi qismi 8-bandiga asosan, konsert-tomosha faoliyati bilan shug`ullanish huquqini beruvchi litenziyaga ega bo`lgan shaxslar – ushbu faoliyatdan olingan daromadlari bo`yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`idan to`liq ozod qilinadi. Ayni paytda shunga e`tibor berish kerakki, konsert-tomosha faoliyati bilan shug`ullanish huquqini beruvchi liwenziiga ega bo`lgan jismoniy shaxslar faqat konsert-tomosha faoliyatidan olingan daromadlari bo`yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`idan ozod qilinadi. Konsert-tomosha faoliyati bilan shug`ullanish huquqini beruvchi litenziyasiga ega bo`lgan jismoniy shaxslarning konsert-tomosha faoliyatidan tashqari olgan barcha daromadlari belgilangan tartibda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`iga tortiladi. Manba: Darakchi.uz | |
|
Всего комментариев: 0 | |