21:16
QORIN, BEL, BO`KSA – ENDI ORTIQChA SANTIMETRLAR MUAMMO EMAS!
Xipchabel xonimga aylanish sirlari bilan tanishtirishdan avval, kelishib olaylik, «Ertadan ozaman!» degan cho`pchagingizdan voz kechasiz! «Bir-ikki kun dam olib olay», «Mazam qochib qoldi, menga og`irlik qilarkan» degan bahonalarni ham unutasiz. Jozibali ayolga aylanishni istaysizmi? Unda shartlarimizga ko`ning-da, qomatingizni tartibga keltiring.

Turmush o`rtog`ingizning mulozamatidan eri-i-ib ketganingizda, bizni eslarsiz-a...

«Press»dan naf yo`qligi rostmi?

Astoydil harakat qilinsa, tana qismlarining barchasini korreksiyalash mumkin, ammo qorin mushaklari uncha-munchaga taslim bo`ladigan emas. Xo`sh, qaysargina mushaklarni qanday qilib yo`lga solamiz? Birinchi talab, ma`lum va mashhur «press» mashqiga chalg`ilmang. Negaki? ushbu usul qorinning yuqori mushaklarini chiniqtirib, tashqariga bo`rtib chiqishiga sabab bo`ladi. Qolaversa, birgina «press» bilan hech qanday natijaga erishmaysiz.

Qorinni ketkazish uchun «press» mashqi quyidagi tartibda bajariladi:

Yotgan holatda oyoqlaringizni birlashtiring, qo`llar yon tarafda;

Tizzani bukib, oyoqlarni qoringa yaqinlashtirasiz, so`ng yana dastlabki holatiga qaytariladi;

Mashqni bajarishda tana poldan ko`tarilmasligiga e`tibor bering. Takroriyligi 10 marta.

«Press»dan so`ng o`ng oyoq tizzasini, chap qo`l tirsagi bilan «uchrashtirish» mashg`ulotiga o`tasiz. Mashq har bir oyoqda 10 martadan bajariladi.

Belni ham ozdirish mumkin ekan?!

Qorin mushaklarining har bir qismi alohida yondashuvni talab etadi. Shundan kelib chiqib, bir qancha mashqlarni ketma-ketlikda bajarish lozim.

Yotgan holatda, oyoqlarni tekis cho`zing;

Qo`llarni bo`ksa orqasiga yashiring;

Sanoq avvalida oyoqlarni yuqoriga tikka ko`tarib, asta pastga tushirasiz. Mashq 8-10 marotaba takroralanadi;

Oyoqlar yuqoriga ko`tarilayotganida qorinning ikki yon tomoniga bosim tushadi. Shuning hisobiga mushaklar chiniqadi.

«Qaychi»ning afzalliklari ko`p ekan, chindan shundaymi?

Tug`ruqdan so`ng qorin mushaklari bo`shashib, teri elastikligini yo`qotgan bo`lsa, ushbu mashq nihoyatda katta yordam beradi. Demak, mashqni qanday bajaramiz?

Yotgan holatda oyoqlarni tekis cho`zing;

Qo`llarni bo`ksa orqasiga yashiring;

Mashq avvalida oyoqlarni poldan 20-30 santimetr yuqoriga ko`tarasiz, so`ng qaychiga monand bir-biriga qarama-qarshi tomonga harakatlantirasiz;

Mashg`ulot dastlab 10 marta, keyingilari esa 15, 20, 30 martagacha bajariladi.

Uqalash usulidan foydalansa bo`ladimi?

Jismoniy mashqlarni u qadar xushlamaydigan va erinibgina bajaradigan ayollarni ham unutganimiz yo`q va ular e`tiboriga uqalash usulini havola etamiz.

Yotgan holatda tanangizni bo`shashtiring, qorin mushaklari zo`riqmasligi lozim;

Qo`llarni qorin o`rtasiga olib keling-da, kaftning yonlamasi bilan ketma-ketlikda uqalashni boshlang;

Qo`l kaftining yonlamasi bilan qorin kaftiga engil zarba tushishi terini taranglashtirib, mushaklarni chiniqtiradi. Uqalashning umumiy davomiyligi 10 daqiqadan kam bo`lmasligi lozim.

Darvoqe, mazkur usul jismoniy mashqlarga qo`shimcha tarzda qo`llanilsa, kutilgan natijaga erishish osonroq bo`ladi. Uqalash muolajasi uchun aniq vaqt yo`q, istagingizga ko`ra ertalab yoki uxlashga yotishdan oldin amalga oshiring. Yagona sharti, ovqatlangandan keyin emas.

«Bo`ksamni ixchamlashtirmoqchiman, nima qilay?»

Qorin mushaklari bilan hammasi tushunarli bo`lsa, e`tiborimizni bo`ksaga qaratamiz. Xayolingiz yovvoyi kaptardek pir etib uchganiga qaraganda, jovoningizda anchadan beri turib qolgan liboslarni o`ylab qoldingiz, to`g`rimi? Tashvishlanmang, tavsiyalarimizga amal qilsangiz, «Kiyimlarim katta kelib qoldi», deya chopqillab qolasiz. Bo`ksani ixchamlashtirish uchun:

Yonboshlab yoting-da, tana og`irligini qo`llarga tashlang;

Chap yonboshlab yotgan bo`lsangiz, chap oyoqni yuqoriga ko`tarib-tushirasiz. Takroriyligi 10-15 marta;

Endi tana holati o`zgartiriladi.

Oyoqlar yuqoriga ko`tarilganida bo`ksa mushaklariga zo`riqish tushadi, mashqning bir maromda bajarilishi esa natijani mustahkamlaydi.

Yana bir usul:

Yotgan holatda bosh, qo`l va oyoqni bir vaqtda yuqoriga ko`tarib tushirishingiz kerak. Mashq qanchalik shiddat bilan bajarilsa, qorin va bo`ksaga yuklama tushishi ortadi. Birinchi safar 10 marta, keyingilarida 15-20 marttagacha sinab ko`ring.

Keyingisi:

Tik turing-da, qo`llaringizni belga qo`ying. Ana endi har bir oyoq tizzasini bukkancha imkon qadar qoringa yaqinlashtirishga harakat qiling. Mashq keskin va tezkorlik bilan bajarilishi lozim. Mashg`ulot 4-6 daqiqa davom etadi.

Bo`ksaning ichki tomoni:

Elkani tekislang, qo`llarni ko`krak o`rtasiga olib kelib birlashtiring. Oyoqlarni elka kengligidan kattaroq ochasiz (rasmga qarang). «Plie» deb nomlangan mashq o`tirib-turish mashg`ulotini eslatadi, faqat bunda pastga engashish holati oxiriga etkzazilmaydi. Soddaroq aytganda yarimchala ko`rinishda o`tirib-turish mashqini bajarasiz, birinchi galga 10 martasi etarli.

«Oyoqlarga atalgani bormi?»

Oyoqlaringiz ixchamroq ko`rinishga kelishini istaysiz-u, bu ishni qanday amalga oshirish o`ylantirayaptimi? Biz sizga nafaqat foydali, balki eng sodda usulni o`rgatamiz. Ha-ya, ushbu mashq tahririyat xodimlari o`rtasida sinalgan! Demak, stulga qulay joylashing, kuragingiz kursi suyanchig`iga tegib tursin. Qo`llaringizni suyanchiq orqasiga o`tkazing-da, bir-biri bilan birlashtiring. Endi oyoq tizzasini yuqoriga ko`tarishga urinib ko`ring. Birinchisi salgina qiyinroq bo`ladi, ammo keyingilarida odatiy mashg`ulotlardan biriga aylanadi. Mashqni imkoniyatingizga qarab bajarishingiz mumkin.

«Qo`l terisi osilib qolsa, qanday chora ko`riladi?»

Parhezlaringiz ish berib, ozdingiz. Ammo tirsakning yuqori qismi puturdan ketgan ko`rinadi, qarang, terisi osilib qolgandekmi? «Endi nima qilsam ekan?» deya dugonalaringizga sim qoqmoqchi bo`lsangiz, bir oz tin oling. Axir bizda barcha savollarning javobi bor!

Tirsakning yuqori qismidagi mushaklarni chiniqtirish teri tarangligini ta`minlaydi. Buning uchun har kuni qo`llarni yon tomonga harakatlantirish, kichik gantellar bilan mashq qilish, qo`llarni yuqoriga ko`tarib-tushirish kabi mashg`ulotlarni kanda qilmang.

Qo`shimcha choralar!

Jismoniy mashqlardan tashqari har bir tana qismi uchun mo`ljallangan malahatlarimiz ham yo`q emas. Diqqat qiling:

Bo`ksa va oyoqlarni ixchamlashtirishda arqonda sakrashning foydasi bor, ertalab va kechqurun bi-i-ir sakrab qo`ying, engillashasiz!

Yuvinayotganda kontrast dush muolajasidan foydalaning. Tananing muammoli qismi, masalan, qorinni olaylik. Dushni soat aylanasi bo`ylab qorin yuzasida aylantirasiz. Avval iliq, so`ng sovuq suv, bilasiz-a? Muolaja haftada bir marta 4-5 daqiqa davom etadi.

Haftada ikki marta qo`l va oyoq terisini uqalash orqali silab turing. Buning uchun avval dush qabul qilasiz, teri namlikni qabul qilib, yumshagach, kosmetik moy surtiladi. Misol uchun, bo`ksaning son qismi deylik, tizzaning yuqori qismidan boshlab asta tepaga ko`tarilasiz. Barmoqlar yordamida terini engil chimdib olish, shapatilash, burab uqalash usullari naf beradi.

Ahamiyat bergan bo`lsangiz, biz taomnoma haqida gapirmadik. Negaki, cheklov qo`yganimiz bilan, baribir, ishtahangizni nazorat qilish o`z qo`lingizda. Birgina maslahatimiz, teri holatiga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi mahsulotlarga ehtiyot bo`ling;

Jismoniy mashqlarni tugatilganidan so`ng yarim soat davomida hech nima tanovul qilinmaydi. O`tirib yoki yotib olish ham mumkin emas!

Yuqorida keltirilgan mashqlar bor-yo`g`i 20-30 daqiqa oladi, xolos. Natijasi esa ko`pga tatigulik. Darvoqe, jismoniy mashg`ulotlarga kirishishdan oldin 5 daqiqa qo`l-oyoq chigilini yozish kerakligini unutmang.

MARJONA tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz
Категория: Qiziqarli Salomatlik sirlari / Tibbiyot yangiliklari | Просмотров: 1113 | Добавил: Admin | Теги: QORIN, BOKSA – ENDI ORTIQChA SANTIMETRLAR , Bel | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar