20:01
Qomatingizning ba’zi bir kamchiliklarini berkitish usullari
Kiygan har bir libosi o’ziga bo’lgan ishonchni ta’minlasagina, ayol o’zini kun bo’yi qushdek yengil his qiladi.

Did bilan tanlangan kiyim qomatning ba’zi kamchiliklarini yashiradi. Shuningdek, tananing yuqori va quyi qismini o’zaro uyg’unlashtirish uchun yuz, bo’yin va qo’llar haqida qayg’urish lozim. Buning uchun quyidagi tavsiyalarga e’tibor bering:

1) Tor va qiya yelkali ayollarga, odatda, keng liboslar yarashadi. Shuningdek, bluzka bilan kalta yengli, ko’ndalang chiziqli va burmali yoqalar ham tavsiya etiladi. Biroq “V” shaklidagi chuqur o’yilgan, kimono va reglan bichimidagi kiyimlar ularga yarashmaydi;

2) Bo’yni qisqa ayollarga “V” shaklida o’yilgan, yupqa, uzun marjon va zanjirlar yordam beradi. Ammo baland, aylana va to’g’ri burchakli, “kare” uslubida o’yilgan yoqalar tavsiya etilmaydi;

3) Ko’rkam bo’lmagan qo’llarni chiroyli ko’rsatishning samarali usuli – yorqin rangdagi manikyur va original manjetlar. Cheti mo’ynali yoki turli rangdagi manjetlar qo’lingiz husnini yana-da orttiradi. Bluzka va yengsiz liboslar “sir”ingizni fosh qilib qo’yadi.

4) Xushbichim ayollarni yanada jozibali ko’rsatish uchun ularga mayin jundan va zig’ir tolasidan tayyorlangan qora rangli kostyum va ko’ylaklar tavsiya etiladi. Shuningdek, jigarrang, yashil, ko’k, zarg’aldoq, moviy va binafsharang tusdagi chiziqli, katak-katak matolardan tayyorlangan liboslar ham yarashadi;

5) Jussador ayollarga keng jaket yoki pidjak va to’g’ri bichimli yubka yordam beradi. Paltoni ham shunday bichimdagi turlarini tanlagan ma’qul;

6) Jussador ayollarni erkin liboslar, belbog’siz ko’ylaklar ko’rkam ko’rsatadi;

7) To’lacha qomatlarga taqiladigan belbog’larning eni uch santimetrdan oshmasligi va ular bo’shroq bog’lanishi kerak.

8) Yorqin rangdagi, ayniqsa, oq rangli matolardan ham foydalanib turgan durust. Mato yuz rangi va sochning jilosiga qarab moslansa ham yaxshi samara beradi. Chunki qora rangli kiyimlar chehraga yanada joziba baxsh etadi;

Qad-qomatni yana-da ko’rkam ko’rsatish uchun ranglar uyg’unligidan oqilona foydalanish lozim. Shu ma’noda sizga bir nechta maslahatlarni berib o’tamiz:

1) To’lacha va past bo’yli ayollarga yirik gulli matolar tavsiya qilinmaydi. Bunday ko’rinishdagi liboslar baland bo’yli va ozg’in ayollarga ko’proq yarashadi;

2) Ko’ndalang chiziqli matolar qomatingizni xushbichim qilsa, tik chiziqli matolar to’lacha ko’rsatadi;

3) To’q rangli liboslar qomatingizni ixcham ko’rsatsa, yorqin ranglar esa aksincha, sizni to’lacha namoyish qiladi. Shuning uchun ensiz yelka va bo’liq sonli ayollarga ochiq rangdagi yubka yoki shim bilan bo’g’iq rangli koftalar kiyish tavsiya etilmaydi;

4) Ozg’in qizlar cho’ntaklari, mayda detallari ko’p bo’lgan, gorizontal chiziqli liboslarni kiysalar nisbatan to’laroq ko’rinadilar. Shuningdek, bir necha qavatdan iborat bo’lgan yubkalar, pirpirakli ko’ylaklar ozg’inlikni yashiradi;

5) Bo’yingiz past bo’lsa, uzunroq shim va yubkalar kiying. Imkon qadar kofta, yubka yoki shimingiz bir xil rangda bo’lishi kerak. Bir xil rang bo’yni uzun qilib ko’rsatadi;

6) Bo’yingiz uzun bo’lsa, yig’mali, burmali, manjet va katta belbog’li ko’ylaklarni kiyish tavsiya etiladi;

7) Orqasi keng ayollarni ko’proq ana shu qomat bilan yaxshi uyg’unlashtiruvchi bluzka va sviterlar ochib turadi. Agar ularning orqasi uzun bo’lsa, yaxshisi, so’nggi urfdagi yubka yoki bel qismi toraytirib tikilgan shim kiyishgani durust;

8) Past bo’yli va to’lacha ayollarga esa orqani o’rtacha ko’rsatish uchun beldan pastroqqa tushib turadigan liboslar maslahat beriladi;

9) Bukchayganroq qomatlarni tik ko’rsatish maqsadida ko’ndalang chiziqli kiyimlar kiyish kerak;

10) To’lachadan kelgan ayollar qomatidagi bu nuqsonni yashirish yo’lini kichik hajmli liboslar tanlash, deb biladilar. Lekin bu yo’l kamchiliklarini yanada yaqqolroq namoyish etib qo’yadi. Yaxshisi, gavdaning tabiiy tuzilishiga muvofiq libos tanlash kerak;

11) Yelkalari nozik, ko’krak qafaslari tor, sonlari va oyoqlari to’lacha ayollar go’zal ko’rinishlari uchun poshnali poyabzallar, yelkador, yengli va yopishtirma yoqali liboslar asqotadi.

Oro berish, bezanish – ayollarning eng sevimli mashg’uloti. Lekin haddan ziyod bezanish bachkanalikka olib keladi. Katta yoki kichik bezaklarni tanlashda did va me’yor muhim ahamiyat kasb etadi. Agar o’zingizdagi ortiqcha bezakni aniqlamoqchi bo’lsangiz, ko’zguga qarang. Ko’zingizga birinchi bo’lib nima ko’rindi, yaqqol ko’zga tashlandi? Demak, o’sha “buyum” sizning jamolingizga soya solib turibdi. Bezakni kamaytirgan ma’qul.

Maqola “Etiketning oltin kitobi” asosida yozildi.
Категория: Qiziqarli Ayollarga maslahatlar / qiz bolaga maslahat | Просмотров: 1062 | Добавил: Admin | Теги: Qomatingizning ba’zi bir kamchilikl | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar