22:31 «Onam ikkinchi turmushimdan ham norozi» | |
Akmal, 35 yosh. Muxlisa – Akmalning ikkinchi turmushi. Birinchi xotini onasi bilan kelisholmagani uchun bitta bola bilan ajrashishgan. Akmal ikkinchi bor uylanganda o`ziga-o`zi so`z bergandi. Endi ayollarning gapiga kirmayman, onamni ham, xotinimni ham bitta qoshimni uysam, jim bo`ladigan qilaman degandi. Qo`lidan kelmayapti. Ikki yildan beri Muxlisa xomilador bo`lolmayapti. Ustiga-ustak Muxlisa avvalgisidan ham tilli-jag`li chiqib qoldi. Ayniqsa, o`g`lining bolasi borligini, kelini qaynonasi tufayli ketib qolganini gap orasida qistiradi. Akmal bolasidan xabar olgani borsa ham janjal qiladi. Akmalning Muxlisaga boshidan ko`ngli yo`q, faqat yana ajrashmay deb tishini-tishiga qo`yib yashayotgandi. Lekin onasi kechagina: «O`g`lim, birinchi xotining yaxshiroq edi, nabiramni ham ko`p sog`inyapman. Bu ayol senga xotinlik qilmoqchi emas, butun umr qiynalgandan ko`ra hozir javobini ber, agar birinchi xotining rozi bo`lsa, qaytarib olib kelardim, tiz cho`kib kechirim so`rardim». MUHOKAMA: Bir qaraganda hammasi oson hal bo`ladigandek, lekin Akmal yana ikki o`t orasida qoldi. Chunki u yaxshi tushunadi: birovlarni sinab, taqdirini o`yinchoq qilishga hech kimning haqqi yo`q. Nima qilsa ekan? Xotini kechirarmikin, keyin qaynonasi bilan hayoti izga tushib ketarmikin? Muxlisa-chi? Birinchisining qadriga etish uchun seni olgandim, qariqizlikdan qutqardim, endi ketaver deydimi? Hamma ayollar bilan gaplashib ko`rishi kerak. Muxlisa ham bunday hayotdan xursand emasligi aniq, balki baxtini boshqadan topib ketar, avvalgi ayoli ota uyida o`tirib tavbasiga tayangandir, onasi ham endi bosiqroq va mulohazali bo`lgandir. Ayniqsa, o`g`lini uyga qaytarishni shunday xohlayaptiki... FALSAFA: Odamni qiynaydigan eng yomon narsa – arosat. Oldingda ikki yo`l tursa, na u yoqliq, na bu yoqlik bo`lolmaysan, yoningda ikki odam ikki tarafga tortqilasa, kimga yon bosishni, ishonishni bilmaysan, oqibatda hayotingni yo`lga qo`yolmay sarosar bo`lib yurasan... Hayotni murakkablashtirish yoki osongina yashash har kimning o`z qo`lida. Buning uchun qat`iy va jiddiy qarorlar qilishdan oldin million marta o`ylab ko`rish kerak. Aziza QURBONOVA | |
|
Всего комментариев: 0 | |