12:50 Oftobda to`g`ri qorayishni bilasizmi? | |
«Yoz quyoshida mazza qilib qorayib olish kerak, yoz oftobi foydali», deyishadi. Quyoshli kunlarda hamma dala-hovli yoki dam olish maskanlariga shoshiladi. Sovuq qish, injiq bahor havosidan so`ng quyoshli kunlar kishiga o`zgacha lazzat bag`ishlaydi. Ammo shu bilan birga, teringizni ultrabinafsha nurlari zararlaridan asrashni ham unutmang. Teri qanday qorayadi? 1. Quyosh nurlari terini engil qizartiradi. Bu odatiy holat hisoblanib, terining oftob nuriga nisbatan ta`sirchanligi belgisidir. Ammo teri qattiq qizarsa, harorati ko`tarilsa, o`zingizni yomon his qila boshlasangiz, bu quyosh nurlari ostida keragidan ko`p qolganingizdan nishona. 2. Quyosh nurlari ostida bir necha soat qolganingizdan keyin teri faol ravishda melanin pigmenti ishlab chiqara boshlaydi. Bu terini muhofaza qiluvchi mexanizmi bo`lib, melanin terini qoraytirib, quyosh nurlarining bir qismini o`ziga singdiradi. Shuningdek, oftob nurlari ostida teri o`z namligini yo`qotib, quruqlasha boshlaydi. Bu holatda terini faol ravishda namlantirib turish muhim. 3. 48 soatdan keyin terida qoraya boshlaydi. Ehtiyotkor bo`ling: terining ochiq qismlarida achishtiruvchi toshmalar paydo bo`lsa, antigistamin dori vositalari qabul qilish darkor. Chunki bu oftob nurlariga nisbatan allergiya bo`lishi ham mumkin. Agar bu quyosh nurlariga allergiya bo`lsa, oftobda toblanmagan ma`qul. Shuningdek, teriga maxsus SPF faktorli quyosh nurlaridan himoyalovchi kremlar surtib yurish kerak. 4. Quyoshda toblana boshlaganingizning 7-kuni «zagar» eng faol nuqtasiga borib etadi. Teri bronza rangiga kirish bilan birga ustki qatlami qalinlasha boshlaydi. Bu — terining ultrabinafsha nurlariga qarshi himoya reaksiyasi. 5. Quyosh vannalari qabul qilganda organizm maxsus fermentlar ishlab chiqara boshlaydi. Chunki oftob nurlari ostida to`qimalarni shikastlash natijasida terining tez qarashiga olib keluvchi radikallar paydo bo`ladi. 6. Ammo oftob nurlari ko`payib ketsa, organizm quyosh nuridan shikastlangan to`qimalarni tiklab ulgurmay, teri so`liydi. Eng avvalo ortiqcha quyosh nurlaridan immunitet oqsay boshlaydi. Shuningdek, teri saratoni — melanoma yuzaga kelish xavfi ham ortadi. Qorayish va nasliyat Birinchi o`rinda qora ko`z va qora sochlilar oftobda tez qorayadi. Ularning terisi oqarishi uchun ham ko`proq vaqt talab qilinadi. Oftobda qorayish bo`yicha ikkinchi o`rinda ko`k, yashil, kulrang ko`zli, och jigarrang sochli, oppoq badan sohib va sohibalari turadi. Odatda ularning badanlari engil qorayib, asal rangga kiradi. Olovrang soch sohibalari esa quyoshda toblanmaganlari ma`qulroq: chunki ularning terisi faqat qizaradi. Ularning terisi o`ziga xos «sariq», «jigarrang» pigment — melanin ishlab chiqaradi. Bu melanin turi esa terini deyarli muhofaza qilmaydi. Afsonalar «Oppoq teri nosog`lomlik belgisi, quyoshda qoraygan kishilar esa sog`lom bo`lishadi». Har doim ham emas. Yil davomida qorayib yurish esa (masalan, solyariy yordamida) teri uchun zararli. Teri qalinlashib, cho`ziluvchanligini yo`qotadi, quruqlashib ketadi. Quyosh nuri ostida ko`p bo`lish immunitetni tushirib, organizmning gormonal holatida o`zgarish ro`y berishiga ham olib keladi. Shuningdek, quyosh tig`ida ko`p bo`lgan ayollarda homilador bo`lish xususiyati kamayib borishi ilmiy tasdiqlangan. Oftobda haftada 2-3 marta 15 daqiqadan toblanish organizm uchun foydali bo`lib, tananing D vitamini bilan to`yinishi, kayfiyat ko`tarilishi va immunitet mustahkamlanishi uchun kifoya. Tana quyosh nurlari ostida bir xilda toblanishi uchun… Tanangizga atir yoki boshqa tarkibida spirti bor kosmetik vositalar sepmang. cho`milib bo`lgach, terini sochiq bilan artib, quriting. oftobda soat kunduzgi 11:00 gacha va kechki 16:00 dan so`ng toblanish lozim. Quyosh tikkaga kelgan vaqtda uning nurlari juda o`tkir bo`lgani sababli, bu vaqt oralig`ida quyoshda toblanish tavsiya qilinmaydi. Tanangizning quyoshda bir xilda toblanishini istasangiz, har kuni sabzi sharbati, tarvuz, shaftoli, qovun iste`mol qiling. Bu mahsulotlar tarkibida terining quyosh nurlariga ta`sirchanligini o`zgartiruvchi moddalar bor. Taomnomangizga pomidor sharbati ham qo`shing. Pomidor sharbati tananing melanin ishlab chiqarilishiga yaxshi ta`sir ko`rsatadi va bu oftobda tezroq qorayishga yordam beradi. • Kunduzi yoki oftobda toblanishga chiqqaningizda teriga yog`lantiruvchi kremlar surtmang. Aks holda teri kuyishi va dog`lar paydo bo`lishi mumkin. Manba: Darakchi.uz | |
|
Всего комментариев: 0 | |