12:25 O`g`il tarbiyalayotgan onalarga 20 maslahat | |
O`g`il bolani tarbiyalash osonmas, deyishadi bilganlar. Bundan qiz bola tarbiyalash oson ekan-da, degan xulosa kelib chiqmasligi lozim. Shunchaki, o`g`il bolalar tarbiyasining ayrim o`ziga xos jihatlari bor. Demak, o`g`il o`stirayotgan onalar qo`yidagilarga e`tibor berishlari kerak. 1. Hislari haqida gapirishga o`rgating Hammaga emas, faqat bir kishiga aytsin. Shu inson siz bo`ling. Shundagina u odamlarga ishonadi, o`z tuyg`ularini chuqurroq anglaydi va yurak xastaliklaridan uzoqroq yuradi. 2. Nimaiki yangi ish boshlamasin, qo`llab turing O`g`il bolaning eng katta boyligi va yutug`i – o`ziga ishonch tuyg`usi. Hozircha u o`ziga ishonchni siz orqali oladi, qilayotgan ishlariga onasining nazari bilan baho beradi. 3.Mehnatga o`rgating Hozir ularda g`ayrat ko`p, bekor o`tirgandan bekor ish qilsin. Mayli, uyda ish topilmasa qo`shnisiga qarashsin. 4. Birgalikda kitob o`qing Bu kitobni o`qigansiz, endi o`g`lingiz o`qib chiqishini istayapsiz. Ammo siz istaganingiz uchungina o`qimaydi u. Kitobga qiziqishi kerak. Birga o`qiymiz, desangiz albatta qiziqadi. 5. Qiziqishlarini bo`g`mang Mayli, u “ketka”lar yig`ib, butun uyga sochib tashlasin yoki to`p o`rniga “baklajka” tepib, quloqni qomatga keltirsin. Kim biladi, siz bo`lajak ustomon broker yoki mashhur futbol yulduzini tarbiyalayotgandirsiz?! 6.Erkaklardan kimgadir taqlid qilishiga qo`yib bering Otasi, Messi yoki Betmen – farqi yo`q. Alpomishga taqlid qildirolsangiz qani edi... Bu zotlar o`g`lingiz oldiga qo`ygan marradir. 7. Ayollarni hurmat qilishga o`rgating Singlisini turtish, bog`chasidagi qizlarning sochidan tortish – bularning bari mumkin emasligini avval tushuntirish, bu ish bermasa, jazolash orqali bolaning ongiga singdirilishi kerak. 8.O`zingiz hurmatga loyiq ayol bo`ling Bolani qarg`ash, unga baqirish, birovlarni yomonlash, nomaqbul so`zlarni aytish, aldash... Xullas, bularning baridan tiyilishga harakat qiling. Unutmang, siz uning uchun dunyodagi eng mehribon va chiroyli ayolsiz. Shu martabadan o`zingizni o`zingiz tushirib qo`ymang. 9. Odob-ahloq qoidalarini o`rgating Dasturxonga kattalardan avval qo`l uzatmaslik, o`zidan kattalarga joy berish, qoshiqni to`g`ri ushlash – bu mayda-chuydalarni bee`tibor qoldirmasangiz kelajakda xalqdan duo olib keladigan o`g`ilning onasiga aylanasiz. 10.Biron narsaga ishonsa, ishonchini sindirishga shoshilmang Masalan, Qorboboga, Hizr buvaga, sehrli tayoqcha yoki qalpoqchaga... Bularning bari ezgulikka hizmat qiladigan obrazlar. 11.Ba`zan muloyim bo`lish ham kerak... O`g`il bola yumshoq supurgi emas, bu to`g`ri. Biroq o`rni kelganda muloyimlik, ya`ni diplomatiya bilan ishini bitirish mumkinligini ham bilsin. 12. Kiyimlarini iflos qilishga haqqi borligini unutmang Axir u o`g`il bola! Bo`lmasa, qanday koptok tepadi, qumdan chiroyli uylar quradi yoki velosiped uchishni o`rganadi? 13. Birga tez-tez sayrga chiqing Uydan tashqarida, yumushlardan holi ona-bola bir-biringiz bilan suhbatlashasiz, uning savollari ham boshqacha tus oladi. 14. Boshqalarga yordam berishga o`rgating Sen birovga yordam bersang, boshqalar kun kelib, senga yordam berishadi. Shu aqidani bolaning ongiga singdiring. Shundagina unda odamlarga yaxshilik, savob ishlar qilishga ehtiyoj paydo bo`ladi. 15. Tajriba vaqt o`tishi bilan har ishda qo`l kelishini tushuntiring Biron narsani uddalay olmasa, bu bilmaslikdan emas, tajribasizlikdan. Vaqti bilan tajriba paydo bo`ladi va u ishni eplab ketadi. Asosiysi, tajriba orttirishdan charchamasin. 16. “Nega?”larini javobsiz qoldirmang Ba`zan bolajonlar shu so`zni o`yinchoqdek o`ynashayotgan va sizning sabringizni sinayotgandek tuyulishi mumkin. Aslida, unday emas. Savol bermay qo`yishidan Xudo asrasin. Bu kichkintoyning ongi rivojlanmayotgani belgisidir. 17. Otasi bilan tez-tez holi qoldiring O`g`il bola emosional jihatdan ko`proq onaga bog`langan bo`lsa-da, ruhan va ma`nan otasi ta`siridadir. Ota bilan yolg`iz qolgan o`g`lingiz o`zini bo`lajak erkak sifatida his qiladi. 18. Birgalikda qasrlar quring Mayli qumdan yoki xayoliy. Bunyodkorlik, yaratuvchanlik, ixtirolarga intilish aynan ana shu kichik “quruvchilik”dan boshlanadi. 19. Vaqti-vaqti bilan bir quchib, yaxshi ko`rishingizni aytib qo`ying Muhabbat bilan bolani buzib bo`lmaydi. Aksincha, u farzandingizning qalbida mehr daraxtining ko`karishiga sabab bo`ladi. 20. Doim uydan madad olishiga erishing Shunda ko`cha handon, uy zindon erkakka aylanmaydi. Shahnoza To`raxo`jaeva tayyorladi. Manba: Darakchi.uz | |
|
Всего комментариев: 0 | |