13:06
MP3 unutildimi? Hecham! Eng ommabop musiqiy formatning “o‘limi” haqida gapirishga hali erta
Germaniyaning 1980-yillar oxirida MP3 formatini o‘ylab topgan Fraunhofer IIS kompaniyasi 16-may kuni unga litsenziya berishni to‘xtatdi, deb yozadi Meduza. Ko‘pchilik OAVlar ushbu yangilikni formatning o‘limi deb e’lon qildi — endi u yanada samaraliroq AAC formatiga yo‘l berishi kerak. Aslida esa MP3 formatini hech kim o‘ldirgani yo‘q — va u, aksincha, yanada ommalashishi mumkin, axir endi uning yaratuvchilariga hech qanaqa ushlanmalar to‘lash kerak emas.

Shu paytgacha MP3 formatini qo‘llab-quvvatlovchi qurilmalarni ishlab chiqaradigan har qanday kompaniya Germaniyaning Fraunhofer IIS tadqiqot kompaniyasidan litsenziya olishi kerak edi. Buning evaziga kompaniya kichik pul o‘tkazmalarini olar, ular unga yiliga jami hisobda yuz millionlab mablag‘ keltirar edi.

MP3 texnologiyasi bilan bog‘liq patentlar 2000-yillar o‘rtalaridayoq tugashni boshladi, 2017-yilga kelib esa Fraunhofer IIS formatni litsenziyalashga bo‘lgan qiziqishini yo‘qotdi va endi undan hech qanday pul ushlanmalarisiz foydalanish mumkinligini e’lon qildi. Kompaniya xabarida ovozni siqishning ancha samaraliroq texnologiyalari allaqachon mavjudligi va muvaffaqiyatli tarzda qo‘llanilayotganligi hamda ularga yo‘l berish kerakligi aytiladi.

Ammo bularning barchasi MP3’ning o‘limini anglatmaydi. Ustiga-ustak, uning qarshisida hozir istiqbolli kelajak ochilmoqda.

MP3 formati musiqiy iqtisodiyotni o‘zgartirdi. Internet tezligi yoppasiga musiqa yuklab olish imkonini berganida audioqaroqchilar aynan shu texnologiyani o‘zlari uchun standart qilib oldi; eng yirik musiqiy leybllar yoppasiga qaroqchilik ovoz yozish industriyasini vayron qilishiga sal qolganini ta’kidladi. Aynan MP3 raqamli musiqada inqilobni yuzaga keltirgan iPod pleyerining asosiy formati bo‘lgan.

MP3’ning qotili deb atalayotgan AAC formati haqiqatan ham musiqani siqishda samaraliroq ish beradi va allaqachon hamma joyda striming-servislarda foydalanilmoqda. O‘zimiz bilmasak-da, biz AAC’dan har kuni foydalanamiz — bu format, masalan, YouTube va Apple Music’da qo‘llaniladi. .m4a, .3gp, .mp4, .m4r va shunga o‘xshash kengaytmalarni ko‘rganimizda, aynan AAC bilan ish ko‘rayotgan bo‘lamiz.

Ammo podkastlarda ko‘pchilik hollarda MP3 ishlatiladi — birinchi navbatda uning universalligi sababli. Ushbu formatda fayl hajmi katta ahamiyatga ega emas, MP3’ning universalligi afzalliklari uning barcha kamchiliklaridan ustun keladi. AAC siqishning yuqori darajasi zarur bo‘lgan past bitreytlarda o‘zini yaxshi ko‘rsatadi — ammo bitreyt qanchalik yuqori bo‘lsa, MP3 bilan farqi shunchalik kam bo‘ladi; siqishning yetarlicha past darajasida MP3-fayl AAC formatidagi shu trekdan kamroq joy egallashi mumkin.

Qaysi format yaxshiroq yangrashi haqidagi masala — oxiri yo‘q bahs-munozaralar mavzusi bo‘lib, uning aniq javobi yo‘q. Siqish sifatning yomonlashuviga olib keladi, ammo ommaviy iste’molchi iPhone uchun tayanch naushniklarda musiqa eshitsa, bu yo‘qotishlar unchalik sezilmaydi.

AAC — propriyetar format bo‘lib, uni qurilmalarda qo‘llab-quvvatlash uchun ishlab chiquvchiga pul to‘lash kerak, MP3 esa bundan buyon shunday moliyaviy yuklamadan xoli. Tarixda birinchi marta patentlar va boshqa cheklovlardan xoli bo‘lgan ommabop audioformat paydo bo‘ldi. MP3 dunyodagi barcha qurilmalarda qo‘llab-quvvatlanadi, MP3 bepul va texnik nuqtai nazardan unchalik ham yomon emas — shunday ekan, u nima uchun o‘lishi kerak?

Manba: Daryo.uz
Категория: Qiziqarli texnologiyalar / 21-asr tehnologiyasi | Просмотров: 1038 | Добавил: G‘anisher | Теги: MP3 unutildimi? Hecham! Eng ommabop | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar