23:58 Lolaning noodatiy savollarga qiziqarli javoblari | |
Lola odatdagidek yugur-yugurlar bilan band. Ijodiy uchrashuvlar, tadbirlar, bir tomonda ta`tilga chiqqan farzandlari, lekin u barchasiga ulgurayapti! Hatto, noodatiy savollarimizga javob berishga ham! — Aytishlaricha siz... — Ishga nisbatan injiq va talabchanman ekanman. Menimcha, ham shunday, negaki xatakterimga ko`ra perfiksionistman. Professionallikni qadrlayman! Ijodiy guruhdan ham shuni talab qilaman. Hatto, u qadar muhim emasdek tuyulgan holatlar ham diqqatimdan chetda qolmaydi. Farzandlarimga ham ko`p aytaman, har bir ishni a`lo darajada bajaring, «yaxshi»si bilan kifoyalanmang, deb. — Xarakteringiz chizgisi bu... — Suv! Goho toshqin, gohida sokin harakatlanuvchi obi-hayotman! Toshdan toshga urilsam ham, bir joyda to`xtab qolmayman, oqimni topa olaman. Vijdon amri bilan yashayman, o`z prinsiplarimga sodiqman, agar ular hayotim davomida o`zgarmasa, albatta. — Lolaning uch orzusi? — Insonlarga ko`proq yaxshilik qilsam deyman, baxtli bo`lishni istayman! Tinch-totuv, ahil oilam va yana farzanlarimning shiringina uka yoki singilchasi bo`lishini niyat qilaman! — Hamma-hamma niyatlaringiz amalga oshsin! — Rahmat! — Qo`lingizdan kelmaydigan ish qaysi? — Kimgadir atay yomonlik qilishni eplolmayman, hatto, u dushmanim bo`lsa ham. Bu holatda men ojizman. — Maktabda sizni kim deb chaqirishgan? — Agar biror laqabni nazarda tutayotgan bo`lsangiz, unaqasi bo`lmagan. Oddiygina Lola edim. — Biror marta bo`lsa ham yoqalashganmisiz? — Hech qachon! — Farzandlaringiz bir-birlari bilan urishib qolishsa-chi? — Mushtlashish bilan hech nimaga erishib bo`lmasligini, har qanday vaziyatda ham to`g`ri tushuntirish kerakligini uqtiraman. Lekin o`g`il bola oilasi, yaqinlari va vatan himoyachisi, kerak paytda kuch ishlata olishni bilishi kerak. — «A» harfi bilan boshlanadigan so`z ayting, xayolingizga kelgan eng birinchisi? — Arzimaydi! — Avtomobilda ketayotib nimalarni xayol qilasiz? — Ular turli-tuman va juda ko`p. — Samolyotmi yoki poezd? — Samolyot! — Uyga bozorlik qilasizmi? — Albatta! Bu mening sevimli mashg`ulotim. Xarid davomida bir haftalik menyuni ham tuzib olaman. Farzandlarim to`g`ri taomlanishlariga jiddiy qarayman. — Poshnali poyabzal durustmi yoki baletka? — Ish vaqti faqat poshnali poyabzalda bo`laman, qolgan paytlari esa baletkalar qulay. — Lola biznes bilan shug`ullanishi mumkinmi? — Ha, ammo u ham ijod bilan bog`liq bo`ladi. Misol uchun, dizaynerlik yo`nalishida yoki san`atning boshqa turlari bo`lishi mumkin. Hammasidan ham ko`proq xayriya ishlari bilan shug`ullanishni xohlayman. — Yosh ijodkorlardan biri sizga shogird bo`lmoqchiligini aytib, izn so`rayapti, nima qilasiz? — Ichki sezgimga quloq tutaman. Agar o`zim va bo`lajak shogirdimga nisbatan ishonch paydo bo`lsa, ko`zim etsagina, ishga kirishaman. — Tasavvur qiling, Lola to`y marosimlari tashkilotchisi... — Ommalashgan an`alardan voz kechgan bo`lar edim. Kelin-kuyovning xarakteri, qiziqishlaridan kelib chiqib individual yondoshgan ma`qul. Axir to`y bir umr esda qoladigan shodiyona! — Ekstrasens va folchilarga ishonasizmi? — Men Yaratganning qudratiga ishonaman, ammo noyob qobiliyatli insonlar borligini ham inkor etmayman. Shunchaki, folchi yoki ekstrasensga ishim tushmagan, qolaversa, kelajakni bilgim ham yo`q. Har qaysi niyatni chin ko`ngildan, astoydil, yolvorib so`rayman. Yaratgan, mendan so`ra va men beraman degan, men bunga ishonaman. — Lola yozgan she`rlar... — Onajonimning uyida, yozuv stolida qolgan. Ha, she`r yozaman, qog`ozga tushirganman ularni. — Suhbatdoshingiz siz bilan muloqotdan zerikayotgandek... — Men ham unga qo`shilishib sukut saqlayman, ikkimizga ham zerikarli bo`la qolsin. Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi. Manba: Darakchi.uz | |
|
Всего комментариев: 0 | |
| |