13:37 Kayfiyatga ta`sir qiluvchi oziq-ovqat mahsulotlari | |
Oziq-ovqat mahsulotlari nafaqat organizmimizni oqsillar, yog`lar va uglevodlar bilan to`ydiradi, balki kayfiyatimizga ham ta`sir ko`rsatadi. Shifokorlar aytishicha, ovqat hazm qilish — psixofiziologik jarayondir. Bunda oshqozon va ingichka ichak devorlarining shilliq pardasi gastrin, sekretin, xoletsistokin gormonlarini ishlab chiqaradi. Gormonlar oshqozon-ichak yo`lining qon tizimiga ajralib chiqadi, ovqatni hazm qildiradigan shira ishlab chiqarilishiga, ovqat siljishi va parchalanishiga imkon yaratadi. Vegetativ asab tizimi ovqat o`zlashtirilishi jarayonini boshqaradi. Demak, biz uchun ovqat — huzur, taomning ta`mi, hidi va ko`rinishidan zavq olish demakdir. Biroq kayfiyat uchun oshqozon emas, miya javobgar. Foydali, lekin xunuk holatda tortilgan taom ko`pchilikda ijobiy his-tuyg`ularni uyg`otmasligi mumkin, biroq xuddi shu taom chiroyli qilib bezatilib, yorqin rangdagi meva va sabzavotlar bilan dasturxonga qo`yilsa, tetiklik va xushkayfiyat hadya etadi. Bizning emotsional holatimiz uchun qo`zg`atuvchi (masalan, epinefrin) va tinchlantiruvchi (serotoninga o`xshash) komponentlar mas`uldir. Ular ikkalasi uyg`unlikda bo`lsa, kayfiyatimiz yaxshi bo`lishi ta`minlanadi, biroq ushbu muvozanat buzilsa, kayfiyat tushib ketadi. Qo`zg`atuvchi va tinchlantiruvchilar organizm tomonidan mustaqil ravishda ajratiladi, ammo ba`zi mahsulot turlari “xursandchilik gormoni”ni ishlab chiqarishda faol qatnashuvchi aminokislotalar — triptofanga boy oziq-ovqatlar bu jarayonni tuzatishi mumkin. Ularni bir sutkada 500 dan 2000 milligrammgacha iste`mol qilish mumkin. Xo`sh, ko`p miqdorda triptofan saqlovchi mahsulotlar qaysilar? Bular: *Banan *Ismaloq *Dengiz mahsulotlari *Yong`oq va donlar *Yog`siz go`sht *Pomidor *Xurmo, anjir, olxo`ri *Qora shokolad *Yorqin rangli mevalar (apelsin, olma) Kayfiyatni ko`taruvchi mahsulotlar bilan birga, yomon kayfiyat bag`ishlovchilari ham bor. Bular non va qandolatchilik mahsulotlari: oq non, shirin kulchalar, bo`g`irsoq, tort va boshqalardir. Shirinlik iste`mol qilish kayfiyatni ko`tarishning eng keng tarqalgan va oddiy usuli bo`lsa-da, mutaxassislar bunda nafsga berilishdan tiyilishga chaqirmoqda. Manba: Darakchi.uz | |
|
Всего комментариев: 0 | |
| |