22:56
Ikkinchi marta turmushga chiqmoqchiman lekin...
Oq libos kiyib turmushga chiqayotgan har bir qiz o`z baxti uzoq va davomli bo`lishiga ishonadi. Lekin ming afsuski, ba`zi oilalar qandaydir sababga ko`ra buzilib, chiroyli ko`ringan turmush o`z poyoniga etadi. Xo`sh, turmush chorrahasida qoqilgan ayol yana bir bora baxtini sinab ko`rishga haqlimi? Albatta, ha! Ammo u endigi turmushi bexato qurilishi uchun qator xatolarini ko`rib chiqib, ularga yo`l qo`ymasligi kerak. Mavzuni ruhshunos Gulruh ADXAMOVA bilan muhokama qilamiz.

«Endi yolg`iz o`tamanmi?..»
— Turmushimdan ajrashish juda og`ir kechdi. O`rtadagi janjal-to`polonlar qayta oila qurishdan butkul ko`nglimni sovutib yubordi. Erimning ichib olib meni do`pposlaganlarini eslasam, hamon titrayman. Endi men dunyodan yakka o`tamanmi?
Sabohat, 32 yosh.

Muammo: Ajrashuv jarayoni, er-xotinning bir-biriga aytgan turli noxush gaplari izsiz ketmasligi tabiiy. Har qanday ayol bu holatda o`z qadrining tushib ketganini his etadi. Albatta, qushning ham uyasi buzilmagani yaxshi. Ammo taqdir ekan, endi o`ziga hech kimga keraksizdek tuyulgan ayol vaziyatdan imkon boricha tezroq chiqib ketishga harakat qilishi kerak.
Echim: Qiziqqan birorta mashg`ulotingizga vaqt ajrating. Kitob o`qish, sport, yoga, raqs bilan shug`ullaning. Bularning hammasi o`zingizga bo`lgan ishonchingizni oshirishga yordam beradi. Balki keyingi turmushingiz sizga orzu qilgan baxtingizni keltirar, umidni so`ndirmang.

«Bolalar bizni qabul qila olisharmikan?»
— O`g`lim 14 yoshga kirdi. Ikkinchi bora turmush qurmoqchiman, ammo u o`gay otasi bilan til topishib ketarmikan, deb qo`rqayapman. Buning ustiga, bo`lajak turmush o`rtog`imning ham shu yoshdagi o`g`li bor. Farzandlarimiz bilan bu haqda maslahatlashib ish tutishimiz kerakmi?
Muattar, 37 yosh.

Muammo: Ikkinchi bora turmush qurish qarori jarayonida birinchi turmushdagi farzandlarning taqdirini hal etishga ham to`g`ri keladi. Negaki, yangi oilaning barpo bo`lishida ularning ham o`ziga yarasha o`rni bor.
Echim: Oilaning yangi a`zosiga ko`nikish uchun o`rta hisobda bolaga 3-4 yil vaqt kerak bo`ladi. Vaziyatda istisno sifatida har ikki tarafning fe`li, yoshi va ko`nikuvchanligini ham hisobga olish kerak. Eringizning farzandi borligini avvaldan bilgansiz, demak, uning o`g`lini o`z bolangizdek qabul qilishingiz kerak. Bola siz bilan yashasa, har qanday taqdirda ham siz u uchun o`gay ona bo`lib qolishingizni esdan chiqarmang. Balki avvaliga u sizni ota-onasini bir-biridan ayirgan yomon odam deb qabul qilar. Farzandlaringiz bilan bu haqda xotirjam gaplashib oling, vaziyatni to`g`ri tushuntiring. Vaqt o`tib sabringiz tagi sariq oltin ekanini tushunasiz. Mehringizdan bola qalbi yumshashiga umid qilishdan charchamang.

«O`xshash tomonlaridan cho`chiyapman...»
— Ikkinchi bor turmush qurish ostonasidaman. Taqdirimni bog`lamoqchi bo`lgan insonimning nimasidir sobiq erimga o`xshaydi. Shuning uchun endi qarorim noto`g`rimikan deb o`ylab qoldim.
Sevara, 33 yosh.

Muammo: Ikkinchi bor turmush qurayotganda yo`l qo`yiladigan katta xatolardan biri, bu — ikkinchi turmush o`rtoqni avvalgisi bilan solishtirish. Unutmang, o`tgan narsalar uchun kuyinaverishning foydasi yo`q.
Echim: Turmush o`zaro hurmat va ishonch poydevori asosiga qurilmog`i lozim. Bo`lajak umr yo`ldoshingizga «Avvalgi turmushim unday edi. Bu holatda sobiq erim mana bunday yo`l tutgan bo`lardi», kabi gaplarni aslo ayta ko`rmang. Endi yopiq sahifalaringiz qayta ochilmaydi. Hozirgi turmushingizda baxtli bo`lishingiz uchun esa ko`proq o`zingiz harakat qilishingiz talab etiladi. Axir sizga ikkinchi bor imkon berildi-ku.

«Kundoshim kun bermaydi...»
— Turmush o`rtog`imni sobiq xotinidan rashk qilaman. Kundoshim buni bila turib, atay bola bahona erimga qo`ng`iroq qilaveradi. Shu sabab uyimda har kun janjal. Qanday yo`l tutsam ekan?
Nafisa, 40 yosh.

Muammo: Eringizni avvalgi turmushidagi ayol siz uchun raqibmi?
Echim: Avvalo ular o`rtasida hammasi yaxshi bo`lganida oila buzilmasdi. Shunga qaramay, uni raqiblar safidan o`chirmaslikni maslahat bergan bo`lardik. Axir eringiz sizni u bilan solishtirib, vaziyatni uning hisobiga hal qilishini istamaysiz-ku. Demak, o`tmishdagi munosabatlarni hal qilish o`rniga juftingizga ayollik mehrini berishga, janjal ko`tariladigan vaziyat yuzaga kelmasligiga e`tibor qarating.

«Bola bahona...»
— Bo`lajak umr yo`ldoshimning oldingi oilasidan bo`lgan bolasi sobiq rafiqasida. Mening ikki qizimni esa farzandlikka olmoqchi. Ammo tashvishlanayotganim, u o`g`li sabab tez-tez sobiq xotinikiga borib turadi. Ertaga bu oilamizga rahna solishidan cho`chiyapman...
Shahruza, 29 yosh.

Muammo: Bola eringizning sobiq xotini bilan yashaydigan bo`lsa...
Echim: Pasportga muhr qo`yishdan avval barcha muammolarni o`zaro hal qilib oling. Shunda aliment, bola bilan uchrashish kabi sizni qiynashi mumkin bo`lgan holatlar turmushingizga soya solmaydi. Bolaning ruhiyatini janjal bilan sindirmang. Nima qilganda ham eringizning sobiq rafiqasi farzandining onasi. U haqda yaxshi gapirishga tilingiz aylanmasa, hech yo`qsa, yomon gaplarni ham aytmang. Sizning qizlaringiz yangi qurilgan oilada yashayotgan bo`lsa, ikkala tarafning munosabatlari yaxshilanishiga harakat qiling, buning uchun ularga imkon yarating. Farzandlaringizga otalik qilishga bel bog`lagan turmush o`rtog`ingizning harakati olqishga loyiq. Undan bu uchun minnatdor bo`lishga erinmang.

«Erkinligimni yo`qotishni istamayman...»
— Ikkinchi bor turmushga chiqayotgan oilam kattagina ekan. Bobo-buvi, qaynota-qaynona xizmati, ularning ko`ngliga yo`l topish qiyindek tuyulayapti. Men esa mustaqil va ishbilarmon ayol bo`lishga ko`nikib qolganman. Bir tashkilotning obro`li lavozimida ishlayman, mashina haydayman. Yangi oiladagi tartib-qoidalarga ko`nika olarmikanman?..
Malohat, 33 yosh.

Muammo: Yangi oilada eskicha odatlar.
Echim: Avvalgi turmushingiz yangisiga soya solmasligi uchun u vaqtda amal qilgan odat, udum, xatolardan butkul voz keching. Sizga o`tmishni eslatuvchi xotiralar emas, kelajakka nur taratuvchi xayrli ishlar ko`proq foyda beradi. Yangi oilangizning qonun-qoidalarini o`rganib, oila a`zolari bilan til topishing. Eski odatlardan qutulish, qadrdon dugonalardan ko`ra ko`proq vaqtni oilaga sarflash, mana, sizning baxtli bo`lish formulangiz. Baxtingizni topish uchun o`zgarishingizga to`g`ri kelayapti, o`zgaring!

Xatoga yo`l qo`ymaslik uchun
Oila boshidan ayrilgan ayolning gardaniga tushgan ro`zg`or tashvishi uni charchatishi tabiiy. Shu sabab ayrim ayollar ko`proq turmush o`rtoq emas, muammolardan uni qutqazuvchi elkadosh, moddiy jihatdan qo`llovchi erkakni izlab turmushga qayta chiqishga ahd qiladi. Buning yomon tomoni yo`q albatta, ammo siz ikkinchi bora xato qilmasligingiz uchun vaziyatni tosh-taroziga qo`yib, so`ngra qaror chiqaring. Avvalgi xatolar sizga dars bo`lsin!

• Mukammal erkak hali dunyoga kelgan emas, umuman sizda ham kamchiliklar bor ekanini unutmang!
• Vaziyatni uzil-kesil hal qilmay, barchasini etti o`lchab, keyin kesing.
• Bahslashmang, lekin o`zingizni erkak kishiga batamom bag`ishlab ham yubormang. Inson avvalo o`zini sevsa, hurmat qilsa, atrofdagilar ham unga xuddi shunday munosabatda bo`ladi.
• Janjalli vaziyatlarda yon bosish g`ururingizni toptalishi emas, oilangizning baxti uchun ekanini doimo yodda tuting!
• Kechirimli bo`ling! Turmush o`rtog`ingizni o`rniga o`zingizni qo`yib ko`rishga harakat qiling.
• Uni ko`proq maqtang. Erkak kishi xuddi yosh boladek, maqtovga juda o`ch bo`ladi.
Категория: Qiziqarli Ayollarga maslahatlar / qiz bolaga maslahat | Просмотров: 972 | Добавил: Admin | Теги: Ikkinchi marta turmushga chiqmoqchi | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar