00:08
"Erimning yoshi menikidan kichik…" yoxud muhabbat yosh tanlaydimi?
Sir emas, bizda kelinlikka saylangan qizning eng avvalo yoshi so`raladi. Iloji boricha u yigitdan 4-5 yosh kichikroq bo`lishi ma`qul ko`riladi. Ammo... Globallashuv degani oilani ham chetlab o`tmadi. Bizning «oila aslida mana bunday bo`lishi kerak» degan standart-namuna, balki qadriyatlarimiz ko`z o`ngimizda o`zgarib, boshqacha mohiyat kasb etayapti. Bugun ayoli «bek», begi «uy bekasi» bo`layotgan oilalar yo`q emas. Avvalgilari jimgina peshanasiga bitganini kutib o`tirgan bo`lsa, hozirgilari — o`zi yigit tanlayotgan qizlar odamlarni ko`pam ajablantirmay qo`ydi. Ayniqsa, xotini eridan ancha katta bo`lgan juftliklar rus primadonnasi Alla Pugachyovadan keyin (darvoqe, o`zimizning yulduzlar orasida ham bunday ajoyib juftliklar kamyob emas) umuman ohanrabosini yo`qotdi. Buni qarangki, bizning jamiyatda ham bunday oilalar bisyor. Keling, o`zim tanigan-bilganlarimdan 3 ta voqeiy hikoya aytay...

Mohira+Sarvar

Yoshdagi farq 9 yil. Ikki yildan buyon birga.

Bu juftlik xuddi Anna Karenina Vronskiy bilan vokzalda uchrashgandek yo`lda tanishib qolishgan. Uzoq yo`lda yaxshi sherik baayni Hizrdek gap. Ikkovi turish-turmushidan so`z ochib, ko`ngil yozdilar. Mohiraning o`sha payt eri, ikki nafar farzandi bor, yigit esa endigina institutdagi tahsilini boshlagan chog`i edi. Juvon Qo`qondan Toshkentga chopon, maxsi-kalish olib kelib sotar, eri tushmagur bu payt uy qorovullab o`tirardi. Bunga u hamisha kasalligini ro`kach qilardi. Mohiraning erida psoriaz nomli teri kasalligi bo`lib, xastalik huruj qilgan payti ko`ziga na ayoli, na bolalari ko`rinar, katta janjal ko`tarib, uydagi bor buyumlarni sindirar, Mohirani do`pposlar, shu yo`l bilan alamini olardi. Oxiri bo`lmadi: institutni bitirgan bo`lishiga qaramay, Mohira farzandlarini birovdan kam qilmaslik, jilla qursa shu erkakning qiynoqlaridan qutulish maqsadida o`zini savdoga urgan edi. Sarvarning ham taqdiri qiziq chiqib qoldi: u tug`ilganida ota-onasi ajrashib ketib, bolani ota tomonidan buvisi boqib oladi. Bola «ikki tomning kaptaridek» katta bo`ladi. Ammo har ikki tomonning ham o`z oilasi va bolalari paydo bo`lgach, yigitcha hech kimga kerak bo`lmay qoladi. Taqdir Sarvarni poytaxtda o`qish baxtiga muyassar qilgan edi. Bundan keyingi voqealar ham Tolstoyning romanidagi singari davom etdi. Yigit Mohiraning ko`ngliga yo`l topish maqsadida qo`lidan kelganini qildi, bolalariga ham mehr ko`rsatdi. Buvi ham ko`pam qarshilik qilmadi, nabirasining Toshkentdek joyda o`qishining o`zi bo`ladimi?! Bundan tashqari, bir umr ko`ngli o`ksidi, degan andishaga bor edi: «Agar sen shu ayolni tanlagan bo`lsang, ixtiyor o`zingda» deb, kichikroq to`y qilib berdi. Mohira esa bolalari uchun o`zini qurbon qilgisi kelmadi, farzandlari uchun ham shu yo`l to`g`ri bo`ladi, deb hisobladi. Ammo... bu juftlikni u er, bu erda uchratib qolsam, ular er-xotin emas, ko`proq opa-ukani eslatadi. Mohira uni tarbiyalashda davom etgani-etgan, Sarvar esa buni or deb bilmaydi.

Tamara+Komil.

Yoshdagi farq 12 yil. To`rt yildan buyon birga.

Tamara va Komilning muhabbat qissasi «Ishdagi ishq» filmidagi singari ular ishlaydigan bankda boshlandi. Tamara bu erda bo`lim boshlig`i bo`lib ishlar, rahbari unga yaqin tanishining erka o`g`lini ishonib topshirgandi. Yigit iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi bo`lib, rahbar aytganchalik tantiq chiqmadi. Ishga kirishib, asta-sekin bank ishini ipidan ignasigacha o`rganib oldi. Erkak sifatida Tamaraning ba`zi injiq talablarini bajarishni o`ziga ep ko`rmaydigan odat chiqardi. Shunday mayda tortishuvlardan birida yigit to`nini teskari kiyib, ishdan bo`shash haqida ariza yozib kirdi. Shundagina Tamara bu yigitni sevib qolgani, mabodo ishdan ketsa, undan ayrilib qolishi mumkinligini angladi. Angladi-yu ayollik tabiati ishga tushib, yigitni mahv etdi. Bu paytda Tamaraning 1 nafar farzandi bo`lib, uni yolg`iz boshi bilan o`stirib, uyli-joyli qilgan edi. Komilning onasi vafot etgandi, yurtma-yurt kezadigan biznesmen otasiga esa o`g`lining o`zidan ancha yoshi katta juvonga uylanish niyati g`alati tuyulmadi. Shunday qilib, ular katta to`y qilib, munosabatlarini rasmiylashtirib olishdi. Xorijdan asal oyidan qaytgan Tamara naq 10-15 yoshga yosharganday bo`ldi, Komilga farzand kutayotganlarini aytganida xuddi yangi kelinchaklardek uyalib, erga qaradi. Xullas, Komil o`z firmasini ochib, yirik sarmoyadorga aylandi. Yaqinda ularni istirohat bog`ida ko`rib qoldim: qizchasini etaklab olgan ushbu juftlik nihoyatda baxtiyor. Ularning o`zaro gap-so`zlariga quloq tutsangiz, Komil oilaning haqiqiy boshlig`iga aylanganini sezish qiyin bo`lmaydi. Ammo men Tamarani anchadan buyon taniyman: u kuchsiz, bo`ysinuvchan ayol emas, lekin Komilning unga buyruq berishi yoqadi, o`z orzusidagi navqiron yigit uning yori ekanidan faxrlanadi.

Zamira+Ozod.

Yoshdagi farq 14 yil. 10 yildan buyon birga.

Bu oilaning taqdiri biroz chigalroq, shunday bo`lsa-da, ular hamon birga. Zamira 3 karra turmushga chiqdi, ammo farzandli bo`lavermagach, ajrashaverdi. Shunday qilib, 36 yoshga kirdi. Bu yillar davomida ozmi-ko`pmi ishladi, topganini yig`ib-jamg`arib uy oldi. Bir kuni u ishlaydigan shifoxonaga Ozod ismli yigitni olib kelishdi. Zamira uni davolovchi shifokor sifatida gaplashib yurib, ikki notavon qalb birlashdi. Ozod uzoqroq qishloqdan kelgan ekan, oilasida 12 nafar farzandning kenjasi bo`lsa-da, ota-onasi vafot etib ketgani uchun uni uyli-joyli qilish tashvishini bo`yniga oladigan mardroq aka topilmabdi. Bir hovlida shundoq ham sakkiz kelin yashagani uchun saflariga yana bitta ovsin qo`shilishidan yangalari ham manfaatdor emasdi-da! Shunday qilib, ular nikohdan o`tib, birga yashay boshlashdi. Zamiraning ota-onasi Ozodning ichkuyov bo`lishiga qarshi chiqishdi. Buning ustiga juda yosh bo`lgani uchun 2-3 yildan so`ng u ham tashlab ketishini uqtiraverib charchashdi. Ammo tez orada Zamiraning homiladorligini eshitib, taqdirga tan berishdi. Zamira 37 va 40 yoshida bir qiz, bir o`g`illik bo`ldi. Ozodning asta-sekin kosasi oqara boshlagach, Zamira uning yosh-yosh qizlar bilan uchrashib yurgani eshitdi. Ijaraga uy olib, o`zi erini uylantirib qo`ydi. Ammo 1 oydan keyin Ozod yana ko`z ochib ko`rgani — Zamiraning yoniga qaytdi. Shu-shu ular bir oila bo`lib yashayapti. Bu oilani ancha yildan buyon taniyman. Ozod tayinli ishda ishlamaydi, moliyaviy va moddiy manfaat, farzandlari borligi uni Zamira bilan yashashga undaydi. Zamiraning yoshi esa 50 ga yaqinlashib qoldi. U erini yo`qotishdan aslo qo`rqmaydi. Chunki endi uning hayotiga mazmun beradigan ikki qorako`zi bor.

Bunday oilalar mustahkam bo`la oladimi?

To`g`risi, bu savolga javob berish mushkul. Ammo to`liqsiz oila bo`lgandan ko`ra yosh tafovuti bo`lsa-da, shunday oila bo`lib yashagan ma`qulroqmasmi?! Mazkur oilalarning mustahkamlanib borishiga xizmat qiladigan va aksincha, to`siq bo`ladigan «+» va «-»lar bor.

Plyuslari: er-xotinning har ikkalasi uchun garmoniya. Chunki mutaxassislarning fikricha, yosh yigitchani egallagan ehtiros ayollarda 30-35 yoshda ko`proq kuzatiladi. Ayol umrining «ikkinchi bahori» boshlanadi. Chunki u yonidagi yosh yigitdan qari ko`rinmaslik uchun bor qobiliyatini ishga soladi. Er uchun esa mazmunli suhbatlar, yonida uni har qanday holatda tushuna oladigan inson, maslahatgo`yi bo`lishi oilaga bog`lab turadi.

Minuslari: 35, 40 va 45 yoshlarda ayol o`zidan ancha yosh ko`rinishi uchun barcha imkoniyatlarga ega bo`lishi mumkin. Ammo keyingi yillar baribir o`zini namoyon qiladi: ayol semira boshlaydi, yuzdagi ajinlarni yashirishning imkoni kamayadi. Yigitda esa o`rta yosh inqirozi boshlanadi. Ana shunday vaziyatda xiyonat, oilaviy ziddiyatlar ko`payishi mumkin.

Ayolning yoshi katta va ko`pincha o`z farzandlari borligi uchun yana ona bo`lishga ko`pam oshiqmaydi. Erkak esa munosabatlar barqarorlashgach, ota bo`lishni istab qoladi. Ammo tabiat uning bu istagini ro`yobga chiqarish uchun imkon bermasligi mumkin.

Yana bir masala moliyaviy jihat bilan bog`liq. Yoshi kattaroq ayol avvaliga oilani boqishni o`z zimmasiga oladi. Agar erkak maqsadli bo`lib, moliyaviy tengsizlik o`z-o`zini rivojlantirish, ko`proq ishlashga yo`naltirsa yaxshi. Biroq ko`p hollarda bo`sh-bayov, o`z ayoli timsolida onasini tasavvur qiladigan yigitlar uy begi bo`lib qolishi ehtimoli bor.

Dilnoza UMAROVA
Manba: Darakchi.uz
Категория: Qiziqarli foydali maslahatlar / Kerakli maslahatlar | Просмотров: 980 | Добавил: Admin | Теги: Erimning yoshi menikidan kichik… yo | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar