15:15 Erimni qanday qilib ozdirsam bo'ladi? | |
Ortiqcha kilogramm faqat ayollarning bosh og`rig`i emas. Biz-ku ozishga ahd qilsak, qay yo`l bilan bo`lsa-da buning uddasidan chiqamiz. Lekin erkaklar uchun bu oson ish emas-da! Pahlavon juftingizning joniga ozgina oro kiraman desangiz, ushbu sahifa orqali erkaklarni ozdirishga oid barcha tavsiyalarni topasiz. Uning semirganini qanday aniqlasa bo`ladi? Buning uchun eringizning bel sohasini o`lchash kerak bo`ladi. Agar: bo`yi 178-185 sm. atrofida bo`lib, beli aylanasi 102 sm.dan oshsa, bu semizlikning birinchi darajasi. Shunday bo`yli erkaklarning bel aylanasi 94 sm.dan oshsa, bu yog` to`planishi xavfidan dalolat beradi. Tana tuzilishi normal erkakning bo`yi va vaznidan qat`i nazar qorni oldinga turtib chiqib qolgan, bel aylanasi esa 94 sm.dan oshsa, ogoh bo`ling. Bu sog`likka eng yomon ta`sir qiluvchi yurak ishemik kasalligi, infarkt va insult xastaliklariga chalinish xavfini tug`diradi. Erkaklar nimadan semirishadi? Salomatlikdagi muammolar sabab; yog`li go`sht, kolbasa, dudlama, non va shirinliklarga suyagi yo`qligi uchun; spirtli ichimliklar iste`moli borasida o`zlarini xafa qilmaganlari vajidan; kamharakatlilik, ko`p o`tirganliklaridan… Dangasalikka qarshi kurashing! Ayollar ozish maqsadida parhezga amal qilib, ortiqcha vazndan xalos bo`ladilar. Erkaklar esa baqaloqlikni faqat jismoniy mashg`ulotlar orqali engishlari mumkin. Sababi ularning mushaklari to`xtovsiz harakatni talab qiladi. Shu bois sizning bosh vazifangiz eringizni qimirlashga o`rgatishdir. Nima qilsam, bu polvon ozarkan-a? Juftingizni hech qachon ozishga majburlamang. Semizlikning zararlari haqida o`qiganlaringizni yo`l-yo`lakay aytib o`ting. Lekin ta`siri shunaqa bo`lsinki, eringiz ma`lumotni qaerdan topganingiz bilan qiziqsin. Sport va bolalar tarbiyasi bilan shug`ullanishga jalb qiling. Yana bir yo`li bor: quyidagi ma`lumotlarni yaxshilab o`zlashtirib, eringizga vaqti-vaqti bilan bildirib turing: ortiqcha vazn sohiblarida qandli diabet kasalligiga chalinish ehtimoli boshqalardan 6 marta ko`p; 4 marta ko`proq insult va infarktga yo`liqishlari mumkin; ozg`inlardan ko`ra 2 barobar ko`proq bepushtlikka olib kelishi mumkin; 5 marta ko`proq o`pka-bronx kasalliklarini orttiradilar; bo`g`im va suyak muammolariga 2 barobar tezroq duch kelishlari mumkin. Ozmoqchi bo`lgan erkakni nima bilan boqish kerak? O`zingizcha eringizni parhez tuttirmang. Rasionning bunday o`zgarishi natijasida erkak badjahl, zaharxanda odamga aylanadi. Agar uning o`zi buni xohlasa, yaxshisi, proteinli, pastuglevodli parhez turlarini tanlang. Ularni maxsus kitoblardan yo internet orqali topish mumkin. Juftingizga har kuni 3 mahal ovqat va ora-orada 2 marta choy berishni odat qiling. Oxirgisi uyquga ketishdan 2-3 soat oldin bo`lishi shart. Tabiiy va yangi mahsulotlardan semirtirmaydigan egulik pishirishga o`ting. Pastroq kaloriyali desertlar tayyorlang. Bunda eringiz bilib qolmasligi uchun hali hech foydalanib ko`rmagan reseptlardan foydalangan ma`qul. Turmush o`rtog`ingiz ishdaligida och qolmasligini nazorat qiling. Ketishida biror egulik berib yuborasizmi yo peshin payti qo`ng`iroq qilib, ovqatlanganini so`rab turasizmi, bu yog`i o`zingizga havola. Shunda u ko`chadan bo`ridek och qolib kelmaydi va juda ko`p ovqat tanovvul qilmaydi. Natijada semirmaydi. Yarimfabrikat va fastfudlarni ham cheklang. Sizbop maslahatlar Umr yo`ldoshingizning qalbiga yo`l topishga harakat qiling. Arazchi bo`lmasa, katta qorinli erkak suratini shkafiga osib qo`ying; rashkchi bo`lsa, atayin ozg`in yigitlarga ko`z qiringizni tashlab qo`ying. Imkoniyat bo`ldi deguncha mashinada emas, piyoda yurg`izishga harakat qiling. Dam olish kunlarini faol mashg`ulotlarga, oilaviy sayrlarga ajrating. | |
|
Всего комментариев: 0 | |