09:38
E'tiborga tushaman deb iymonni unutmang o'zbek qizlari
LIBOS insonning ko‘rki, degan gap bejiz aytilmagan. Odamning kimligini, nechog‘lik madaniyatli va ma’rifatli ekanini kiyimiga qarab ham bilib olsa bo‘ladi. Momolarimiz kiygan ipak, shoyi, atlas kabi matolar hozirgacha dunyoni lol qoldirib keladi. Afsuski, hozirgi kunda ayrim yoshlar tomonidan kiyinishga yetarlicha e’tibor bermaslik, ya’ni yarimyalang‘och, ochiq-sochiq kiyinish holatlari uchrayotganligi kishini o‘yga toldiradi. Ba’zi yoshlarimiz zamonaviylikni tor, kalta yubkalar kiyishda-yu, yuzini, sochini turli rangga bo‘yab yurishda, deb tushunishmayaptimikin?

Hayosizlik va yovuzlikni targ‘ib etuvchi “Dahshat”, “Qaynoq bo‘sa”, “Ajoyib qizcha” kabi bema’ni qochiriqlar bitilgan kiyimlarni kiyib yurishganiga nima deyish mumkin? Ustiga ustak shimlar va yubkalardagi sun’iy yirtiqlarning beo‘xshovligini aytmaysizmi.

Bu ko‘r-ko‘rona g‘arbga taqlid emasmi? Milliy g‘urur qaerda qoldi?

Milliy g‘urur bu — har bir millatning o‘z-o‘zini anglashi natijasida sodir bo‘ladigan ichki ruhiy kayfiyat. Bu tuyg‘u o‘z ona zamini, avlod-ajdodlari tomonidan qoldirilgan moddiy, ma’naviy merosidan, o‘z millatining jahon tsivilizatsiyasiga qo‘shgan hissalaridan, o‘zga millatlar oldidagi qadr-qimmati, obro‘-e’tiboridan faxrlanish hissiyotidir. O’z millatini sevadigan har bir inson, uning yutuqlari, obro‘-e’tibori bilan faxrlanadi, zavqlanadi, uning muammolariga befarq qarab tura olmaydi.

Shu o‘rinda kelinlarning to‘y libosi haqida ham to‘xtalib o‘tishni joiz, deb hisoblaymiz.

Qiz bola voyaga yetgach umrida bir marotaba bo‘ladigan go‘zal oqshomida malikalardek oppoq libosda turishni xohlaydi.

Lekin bu xohish ko‘r-ko‘rona g‘arbona urfga intilishdek bo‘lmasligi lozim. Yarimyalang‘och, ya’ni yelkalari ochiq holda kiyinish hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Hatto kuyovlarimiz ham o‘zlarini ibo va hayoda tanho, deb tanlagan yorlarining bu kabi kiyinishlariga taajjub bilan qaramoqdalar.

Xonadon kattalari — qaynona-qaynotalarning oldida bu ko‘rinishda turishning o‘zi qizlarimizda vahima uyg‘otishi kerak aslida. Qizlarimiz to‘y liboslarini tanlayotganda unga alohida e’tibor qaratishlari, o‘zimizning milliyligimizni, or-nomusli o‘zbek qizi ekanliklarini aslo unutmasliklari lozim. Biz joylarda o‘tkazayotgan targ‘ibot tadbirlarida bunga alohida urg‘u berib, jonli muloqotlarda tadbir ishtirokchilarining fikrlari bilan qiziqmoqdamiz.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, insonda hamma narsa go‘zal bo‘lmog‘i lozim: yuzi ham, kiyimi ham, qalbi ham, fikri ham. Go‘zallik — bamisoli daraxt, uning yaprog‘i — axloq, ildizi — ichki dunyo, mevasi — insoniy fazilatdir. Go‘zallik ham shu yaproqlar, shu ildizlarsiz yashay olmaydi. Bularsiz go‘zallik yo‘q.

Xulosa shuki, odamdagi go‘zallik — tabiat ato qilgan husn-jamoldan tashqari, yana eng yaxshi xulq-atvorni, insondagi eng yaxshi fazilatlarni o‘z ichiga olgan odamiylikdan iboratdir.



Muxtasar TO’RAYeVA.

«Inson va qonun» gazetasidan olindi.
Категория: Qiziqarli malumotlar / ajoyib xabarlar | Просмотров: 787 | Добавил: Admin | Теги: E'tiborga tushaman deb iymonni unut | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar