15:49 «Dam olmoqchiman, ammo damim ichimda...» | |
Bir maqomda va zerikarli o`tayotgan hayotga rang berish, oila davrasida tog` yonbag`irlariga chiqib dam olish, muhitni o`zgartirish va shu orqali munosabatlarga mustahkamlash ko`pchilik ayollarning orzusi. Ammo umri bino bo`lib turmush o`rtog`i bilan toqqa borish u yoqda tursin, kafega ham chiqmagan ayollar qancha? Bugun ularga quloq tutamiz. «Toqqa chiqish bekorchi ermakmi?» — Oila qurganimizga o`n uch yil bo`ldi. Bu davr mobaynida turmush o`rtog`im bilan biror yoqqa borib, dam olganimni eslolmayman. Erim hordiq chiqarish desa, «Vaqt va mablag`ni havoga sovurasan», deb joni chiqib ketadi. Ustiga-ustak, juda rashkchi. Bir marta xizmat safariga ketganida ota-onam bilan bir kunga toqqa chiqqandik. Bilib qolganida, sal bo`lmasa oilamiz buzilib ketay degan. Nima qilsam bo`ladi-a bu erni? Mastura, 36 yosh MASLAHAT. Shuncha yildan beri shu erga ko`nib kelayotgan ekansiz, demak, uning yaxshi jihatlari ham bor. Shu tomonlari haqida o`ylang. Rashkchi va ziqna er bilan yashash oson emas, lekin u qizg`ansa, uyim-joyim deb qizg`anayapti. Dam olishni pul va vaqtni havoga sovuruvchi narsa, deb bilsa, demak, nafaqat siz, balki o`zi ham hordiq chiqarmaydi. Sizning eng yaxshi chorangiz – shirin so`z va tadbirkorlik. Ayollarning yaxshi quroli bor: bir narsani tinmay gapiraverishadi. Tomchi toshni kesganidek, bu ham ish berib qoladi. Faqat takrorlashni jonga tegadigan shaklda emas, shirin so`z bilan, har safar har xil usulini topib, amalga oshirish kerak. Turmush o`rtog`ingizni cho`chitayotgan narsa mablag` ekan, bu masalani ham hal qilsa bo`ladi. Masalan, hordiq chiqarish uchun o`zingiz pul jamg`aring. Gapga berish, tilla taqinchoq yoki kir yuvish mashinasi sotib olish uchun pul topilgan, nega bunga topilmasin? Buni xo`jayiningizning nafsoniyatiga tegmaydigan qilib (masalan, to`yingizning falon yilligiga sovg`a tarzida) taqdim eting. Eringiz birinchi marta toqqa sizning pulingizga chiqib ko`rsin. Yoqib qolsa, keyingi yil balki o`zi harakat qilar (hech bo`lmasa harajatlarning yarmini ko`tarar). «Qaynonam bizga ta`til bermaydi» — O`n besh yillik kelinman. Ammo qaynonam hamon o`g`lini mendan qizg`anadi. Yangi kelinligimda erimga ishdan kelganida peshvoz chiqsam yoki ertalab nonushta qilayotganida ro`parasiga o`tirib, bir piyola choy quyib bersam, baloga qolardim. Endi bu odatlari ancha bosilib qolgan. Lekin er-xotin birga biror joyga dam olgani borolmaymiz. Hatto, qaynonamni olib ketamiz desak ham ko`nmaydi. Yo men uyda qolishim kerak, yo turmush o`rtog`im. Ba`zan erlari bilan tog`u dalalarga birga borib, hordiq chiqarib kelgan va fotosuratlarini hamda taassurotlarini ko`z-ko`z qilayotgan dugonalarimga boqib, juda alam qiladi. Qaynonam nega bunday qilar ekan? Nargiza, 37 yosh MASLAHAT. Bu azal-azaldan bor muammo. Faqat ayrim qaynonalar o`zlaridagi qizg`anchiqlikni enga oladilar, ayrimlari esa yo`q. Kelinlarga bu sharoitda oson deb bo`lmaydi, biroq muammoni tushunganingiz – uning yarmini hal qilganingiz, demakdir. Qaynonangiz o`sha rashk tuyg`usini engishga qiynalayapti, unga yordam bering. Mayli, dam olishga eringiz emas, qaynonangiz bilan bora qoling. Keyin turmush o`rtog`ingiz sizlarni ko`rgani boradi, tamom, masala hal. Ana sizga oilaviy hordiq chiqarish. Shunaqa aylanma yo`llardan foydalanibgina qaynonangizdagi rashk tuyg`usini pasaytirish mumkin. U kelinim bilan o`g`lim yolg`iz qolsa, bolamning menga mehri soviydi, deb o`ylayotgandir. Unday bo`lmasligiga ishontirish sizning qo`lingizda. Agar ishontira olsangiz, ya`ni siz bilan bir muddat yolg`iz qolganidan keyin eringizning onasiga mehru e`tibori kamaymasa, aksincha, ortsa, qaynonangiz xotirjamlashadi. Vaqti kelib, u sizlarni o`zi duo qilib, kuzatib qo`yadi. Rasmlarni ko`z-ko`z qiladigan dugonalaringizga kelsak, ularning oilalariga rasmlariga qarab, baho bermaslikni maslahat beramiz. Negaki, aksariyat hollarda rasmlarga tushirilgan onlar turmushning haqiqiy yuzini aks ettirmaydi. «Hordiq olishga imkoniyat bor-u, xohish yo`q...» — Hamma kelinlar qaynonasidan noliydi, men esa hayron qolaman. Qaynonam juda yaxshi, mehnatkash, hokisor ayol. Faqat bir odatlarini hech tushunmayman. Doim o`zlaridan pul qizg`anadi. Hech qachon yangi libos sotib olmaydi. Kimdir sovg`a qilsa, yo sandiqlariga tashlab qo`yadi, yo menga berib, «Kelin, shkafingizga ilib qo`ying, aytganimda opchiqib berasiz», deydi. Lekin biror marta shu liboslarni olib chiqing, kiyaman, demagan. Dugonalari dam olish, aylanib kelishga chorlashsa, bormaydi. Axir, o`g`illarini uylantirib, qizlarini uzatib bo`lgan-ku, nima uchun o`zidan pulni ayaydi. Endi dam oladigan payti kelganini, umri o`tib ketayotganini nahotki tushunmasa? Dilorom, 29 yosh MASLAHAT. Tarki odat – amri mahol. Katta yoshli insonlarning ko`pchiligi urush davrida yo undan keyingi qiyinchilik yillari tug`ilishgan, bolaligi og`ir kechgan. Ular qora kunni ko`rishgan, uning nimaligini bilishadi. Shu sababli onglarida ana shu qora kunlar yana takrorlanib qolgudek bo`lsa... degan xayol doim turadi, u kunga “tayyorgarlik” ko`rib qo`yishadi, doim yaxshi niyat qilib, duoda bo`lsalar-da. Biz – to`kin zamon odamlari mahrumlik nimaligi bilmaymiz, u biz uchun yomon, haqoratli narsa tuyuladi. Katta yoshli onaxonlar uchun esa bu – ular boshdan kechirgan reallik. Shu nuqtai nazardan qaynonangizni tushunish mumkin. Yana boshqa jihat ham bor: balki u kishi yoshlikdan o`zini emas, o`zgalarni o`ylab yashashga, boshqacha aytganda, o`zini qurbon qilib yashashga o`rganib qolgandir. O`ziga nisbatan past baho berishi sababi ana shundadir balki. Nima bo`lganda ham, u kishini yaxshi hayotga, o`z shaxsiga yaxshi munosabatga o`rgatish kerak. Farzandlar onamning bo`lgan-turgani shu deyishmasin, yo`lini topib, volidalarining naqadar qadrli inson ekanini moddiy jihatdan ko`rsatib turishsin: sovg`alar, mehmonlarga birga olib borish, tog`larga dam olishga olib chiqish. Ko`nmasalar, ko`ndiring. Siz kelinlar bunga ko`maklashing. Toki onangiz hayotning barcha lazzatini hech bo`lmaganda qariganda totsin, endi shunday davr kelganiga qaynonangizni ishontiring. Dam olish deganda bir zamonlar shunchaki tiniqib uxlashu qorin to`yib non eyish tushunilardi. Endi zamon o`zgardi, odamlar tog`u-toshga, dalalarga, oromgohlarga borish, dunyo kezish va hokazolar orqali hordiq chiqarishmoqda. Buning yomon joyi yo`q. Lekin ko`ngil xotirjamligi, oila tinchligi – eng oliy qadriyat ham, eng yaxshi dam olish ham shu emasmi?! Qolgani – vositalar. Muhimi, o`sha vositalar maqsadga aylanib qolmasin, ya`ni dam olishga boraman degan maqsad yo`lida oila tinchligini qurbon qilmang. Ruhshunos Shahnoza Xalilova tavsiyalari asosida Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi “SUG‘DIYONA” gazetasidan farzand kutayotgan va chaqaloq parvarishlayotgan oilalarga tuhfa! Manba: Darakchi.uz | |
|
Всего комментариев: 0 | |