21:02 Chaqmoq (Yashin) haqida qiziqarli ma'lumotlar | |
Chaqmoq – hayot uchun ko'rinib turgan xavf, garchi avtohalokatga o'xshash juda yaqin bo'lmasa-da. Dunyoda chaqmoqlardan bir yil davomida 10 mingdan ziyod kishi halok bo'ladi. Bu aviahalokatlar oqibatida olamdan ko'z yumadiganlar sonidan ko'p. “Samolar qarg'ishi” degan g'alati maqom esa chaqmoqni sirlilik va qo'rquv qobig'iga o'raydi. Atmosferada har kuni sakkiz million elektr razryad charx uradi. Manzarani ko'z oldingizga keltirishga harakat qiling: go'yo ustingizga yuqori kuchlanishga ega metall simli ulkan soyabon osib qo'yilgan. Chaqmoq urishi - inson uchun deyarli kafolatlangan o'lim, undan so'ng kamdan-kam kishi omon qoladi. Bularning barchasi hatto o'qimishli odamlar ham chippa-chin ishonadigan ko'pdan-ko'p afsonalarni keltirib chiqardi. Biz ulardan eng yashovchan va tahlikali bo'lganlarini tanlab oldik. Jabr ko'rganga tega ko'rmang Chaqmoq haqidagi eng halokatli adashuvlardan biri undan jabr chekkanlar bilan bog'liq. Naql qilishlaricha, chaqmoq urgan kishini zaryad chiqib ketishi uchun erga ko'mish, bungacha esa unga na qo'l, na metall buyumlar tekkizmaslik kerak emish. G'irt safsataning o'zi. Shunday bo'lsa-da, odamlar bilan bog'liq baxtsiz hodisalarning 80 foizdan ortig'i aynan shu tufayli achinarli tugagan: atrofidagilar ularga qo'l tekkizgani qo'rqishgan. Aslida esa, inson tanasi elektr zaryadini o'z ixtiyori bilan tutib qololmaydi. Daraxt ostida yashirinish Yuz bergan ofatdan daraxt ostida jon saqlash ham befoyda. Ustiga-ustak, baland daraxt tagida. U balki sizni yomg'irdan asrar, chaqmoq esa aynan shu erga hududdagi eng baland nuqta sifatida urishi mumkin. Chaqmoq faqat yomg'ir payti bo'ladi Aslida chaqmoq hozir yomg'ir yog'ayotgan joydan o'n kilometr narida paydo bo'lishi mumkin. Kelgusi gal sharros yomg'irdan so'ng sayr qilish istagi tug'ilgudek bo'lsa, buni yodda tuting. Yaxshisi, har ehtimolga qarshi, yarim soatcha kutgan ma'qul. Rezinali poyabzal Keng tarqalgan fikrlardan farqli o'laroq, rezina tagcharmli etiklar sizni chaqmoq urishidan asray olmaydi. Suv havzalari Chaqmoq na ko'l, na daryolarga urmaydi, degan gap yuradi. Aslida esa, shunday ham uradiki, asti qo'yaverasiz. Yana elektr zarbasi chuqurlikka emas, kenglikka tarqaladi. Ya'ni, mabodo g'avvos bo'lsangiz, umuman olganda, hech narsadan cho'chimasangiz ham bo'ladi. Agar oddiy suzuvchi bo'lsangiz, momaqaldiroq gumbirlayotgan hududdan nariroq va iloji boricha nariroqqa tezroq suzganingiz ma'qul. Pleer quloqchinlari sizni nishonga aylantiradi Yo'q, aylantirmaydi. Osmondan ergacha bo'lgan masofa shunchalik kattaki, agar chaqmoq aynan sizga urishni istasa, quloqlarda quloqchinlar – naushniklar bor-yo'qligidek mayda-chuydalar uni to'xtatib qolmaydi. Maza qilib musiqa tinglayvering, faqat bu ishni yaxshisi, momaqaldiroq “ana boshlanadi, mana boshlanadi”, deb kutilayotgan joyda qilmang. Mening uyim – mening qo'rg'onim Ha, shunaqa desa ham bo'ladi. Ammo juda zaif-da. Vodoprovod, oyna va eshik romlari, elektr jihozlari chaqmoq uchun a'lo darajadagi o'tkazgich vazifasini o'tashi mumkin. Tarmoq filtrlari ham ulardan himoya qilolmaydi. To'g'ri, po'rtanadan qochish uchun eng qulay maskan uy, ammo bu erda ham o'zini qo'yvorish yaramaydi. Hech bo'lmaganda, momaqaldiroq tugaguncha hammomga bormang va eshik oralaridan o'tavermang. Bir o'raga... Keng tarqalgan adashuvlardan biri – chaqmoq bir urgan joyiga ikkinchi bor tushmaydi. Shunaqa ham tushadiki, ayniqsa, baland va uchi o'tkir machtaga o'xshash narsa bo'lsa. Dirijabllar uchun shpil o'rnatilgan Empire State Building me'morlari bu muammo ustida uzoq bosh qotirishgandi. | |
|
Всего комментариев: 0 | |