10:18 Boshmaldoq yonidan suyak o`sib chiqsa... hammasiga poyabzal sababmi? | |
Uchi tor, baland poshnali poyabzalda uzukkun yurish nafaqat oyoqlarni, balki umurtqa pog`onasini ham zo`riqtirib, o`nlab kasalliklarga zamin yaratadi. Ba`zilar, hatto, oyoq yonidagi o`simtani ko`rib, uni yanada tor poyabzal yordamida o`rniga kiritmoqchi bo`lishadi. Afsus, bu suyak o`sishini jadallashtiradi, xolos. IRSIYaTGA BOG`LIQMI? Shifokorlarning ta`kidlashicha, yaqin qarindoshlaringizdan birortasida bu kabi muammo bo`lsa-yu, yana yassioyoqlik ham kuzatilsa, ehtiyot choralarini ko`rganingiz ma`qul. Bunday holatda oiladagi qiz farzandlar yoshlikdan oyoqlarini asrab, iloji boricha, ortopedik poyabzal kiyishi hamda shamollashlardan saqlanishi kerak. YoShNING AHAMIYaTI YO`Q! Kuzatuvlarga ko`ra, oyoq suyagining shakl o`zgarishi ko`pincha 35-40 yoshli ayollarda uchraydi. Ammo irsiy moyilligi bor insonlarda barmoq yonidan suyak o`sishi 15-18 yoshda ham paydo bo`lishi mumkin. SEMIZLIK – KASALLIKKA ChORLAYDI Taomnomangizni mevalar va sabzavotli eguliklar bilan boyiting. Bir joyda ko`p o`tirish ham bu muammoni hal qilmaydi. Qulay oyoq kiyim kiyib, sayr qilishga odatlaning. Shunda tanangizdagi moddalar almashinuvi tezlashib, muammolarga yo`liqmaysiz. AGAR SIZDA: • poyabzal kiyganda, harakatlangan barmoq sohasida noxushlik sezilsa; • asta-sekin oyoqning bosh barmog`i yonida kichik o`simta paydo bo`lib, barmoqlarning qiyshayishiga olib kelsa; • oyoq bosh barmog`i yonidagi suyak tez o`sayotgan bo`lsa, tezroq shifokor-ortopedga uchrang. DAVOLASA BO`LADI! Oyoq kaftidagi muammolar bilan dastlab, shifokor huzuriga borib, u erdan to`ppa-to`g`ri qon tahlili topshirishga borasiz. Qonda kalsiy, fosfor darajasini tekshirish ham ziyon qilmaydi. Negaki, sizda podagra, artrit kabi kasalliklar bor-yo`qligini tekshirish zarur. Albatta, rentgen tekshiruvidan ham o`tish shart. Nihoyat, tahlil natijalari bilan ortopedga yuzlanamiz. Tekshiruv oyoq bosh barmog`i oldidagi suyak qiyshayishini tasdiqlasa, dori-darmonlar, fizioterapiya muolajalari yordamida davolaniladi. Shu bilan birga quyidagi usullar ham qo`llaniladi: *elektroforez, magnit yordamida davolash; *har 3 oyda uqalash muolajasi; *yotishdan oldin 10 kun davomida oyoqqa iste`mol sodasi yoki osh tuzi, ninabargli damlama qo`shilgan vanna qilish; *poyabzalga maxsus patak to`shash; *oyoq suyagini o`z holatiga qaytaruvchi maxsus vosita (bandaj, longet) taqish ham yordam beradi. JARROHLIK ZARURMI? Oyoqdagi suyak o`sishda davom etib, og`riq qolgan barmoqlarga ham ta`sir o`tkazsa, kasallik og`ir darajaga kelgan hisoblanadi. Bunday holatda eng ma`quli – jarrohlik yo`li bilan oyoq suyagini to`g`irlashdir. Zamonaviy jarrohlik amaliyotning tez va samarali kechishini ta`minlaydi. Operasiyadan keyin oyoqqa gips qo`yiladi. Gips olingach, tiklanish jarayoni boshlanadi. Bu davrda uqalash muolajasi, fizioterapiya hamda davolovchi gimnastika usullari hamda maxsus ortopedik poyabzal kiyish yordamida oyoq asl holatiga qaytadi. ENG MUHIMI: PROFILAKTIKA! Ovqatlanishda me`yor, harakatda epchillik, poyabzal tanlashda qulaylikni birinchi o`ringa qo`yish zarur. Bo`sh qoldingiz deguncha, poldan oyoq barmoqlari yordamida mayda narsalarni ilishga, hech bo`lmasa, o`tirganda barmoqlarini qimirlatib, chigilini yozishga odatlaning. Oddiy harakatlar asqotishi aniq: barmoqlardagi qon aylanishi tezlashib, tovon suyagi tekislanadi. | |
|
Всего комментариев: 0 | |