13:59
Borini oshiramiz, yo`g`ini yashiramiz: yuz pardozining yangi hiylalari
Har bir yuzning o`z tarovati bor, ammo mayda kamchiliklardan ham holi emas. Bu kamchiliklarni esa pardoz qutisidagi oddiy vositalardan foydalangan holda kamchiliklarni yashirish mumkin.

Yaqqol oval

Yuz shaklini to`g`ri korreksiya qilish uchun zarur vositalar: yuz terisi rangiga aynan mos tonal kremi, sal to`qroq upa va yaltiroq zarrali upa.

Qanday surtiladi? 1. Tonal kremni surtib bo`lgach, yonoqlarni tortib turib, paydo bo`lgan chuqurchaga to`qroq upani surting.

2. Burun, peshana va ko`z atrofi (yonoqlarning ustidagi chegara)ni ajratib ko`rsatish uchun zarrali upa bilan yaxshilab bo`yang.

Ko`zlarni «kattalashtiramiz»

Ko`zlaringiz qancha shahlo bo`lsa, yuzingiz ham shunchalik go`zal ko`rinadi. Ammo tabiat sizga kichikroq ko`z hadya etgan bo`lsa, o`kinmang. Ko`zlarni kattalashtirib ko`rsatish uchun yuqori kipriklarga quyuqqina qilib tush surting. Tushni aslo pastki kipriklarga surtmang, yo`qsa, u ko`zni chegaralab qo`yadi. Bundan tashqari, kichikroq cho`tkacha bilan kipriklarga ozroq upa, ustidan tush surtsangiz, kipriklaringiz yanada quyuqlashadi. Umuman, ko`zni kattalashtirib ko`rsatish uchun yuqori kipriklarni uzaytirish, qayirish yaxshi samara beradi.

Burun: kengini «toraytirish», uzunini «qisqartirish»

Burundan e`tiborni chalg`itish uchun yo lab, yo ko`z, yoxud har ikkalasiga diqqatni kuchaytirish kerak. Keng burun qanshariga och tonal kremini (upadan ochroq bo`lsin) uzunasiga surting.

Burun juda uzun bo`lsa, uni vizual kaltalatish nihoyatda oson. Buning uchun burunni biroz «kengaytirish» kerak. Qanday qilib deysizmi? Unga yuz terisidan ochroq rangdagi tonal kremi surting. Ozgina to`qroq tonal kremini esa burun uchining tagiga surting, uchiga shaftolirang yoki pushtiroq rumyana surting.

Tiniqlashtiramiz!

Ko`z salqiganda paydo bo`ladigan qora aylanalar, husnbuzar va boshqa kamchiliklarni konsiler (niqoblovchi korrektor) yordamida bartaraf etish mumkin.

Zarur vositalar: yashil, binafsha va qaymoqrang konsilerlar.

Qanday surtiladi? 1. Yuzdagi qizillikni (husnbuzar, tomir to`rlari) yashil korrektor bilan to`g`rilash mumkin.

2. Ko`z ostidagi qora aylanalarni binafsharang konsiler bilan bilinmaydigan qilish mumkin.

3. Qaymoqrang korrektor esa ko`z ostidagi ko`karish va pigmentasiya (dog`lar)ni yashiradi. Konsilerlarni kamchilik bo`lgan joyning aynan o`ziga surtish kerak, yo`qsa, natija bilinmaydi.

Yonoqlarni «yuqorilashtiramiz»

Baland yonoqlar insonga zodagonlik va ayri nazokat bag`ishlaydi. Yuz juda nozik va latofatli ko`rinadi.

Zarur vositalar: uvalangan bug`doyrang upa, xaylayter (yuzga yorug`lik beradigan kosmetik vosita) va mos pushti-qizil yog`upa (rumyana).

Qanday surtiladi? 1. Og`izdan quloqqacha bo`lgan chiziq yo`nalishida yonoq ostidagi chuqurchaga surting. Chiziqni shunday bo`yash kerakki, u yaqqol chiziq emas, balki soyadek bilinmasin.

2. Tabassum qiling va yuzda paydo bo`lgan «olmacha»ning pastiga xaylayter surting.

3. Oxirida «olmacha»ga gorizontal chiziqda rumyana surtiladi.

Lab kattaroq ko`rinishi uchun…

Ayrim ayollarning lablari nihoyatda ingichka bo`lsa, ularni katta va jozibador qilish mushkul emas.

Qanday surtiladi? Lab bo`yog`i yoki «blesk» surtishdan avval lablarni yumshoq tish cho`tkacha bilan engil uqalang. Natijada lab biroz kattalashgandek ko`rinadi. Agar ushbu uqalashni asal bilan amalga oshirsangiz, lab qurishi va shilinishidan ham xalos bo`lasiz.

Dekorativ kosmetikadan esa qaymoqrang qalamcha kerak bo`ladi. U bilan labning tabiiy konturidan sal yuqoriroqdan chizib, ochroq lab bo`yog`i surting.

Mabodo yorqin tusdagi lab bo`yog`idan foydalansangiz, konturni rangsiz yoki lab bo`yog`i rangidagisini ishlating. Kontur chizib bo`lgach, labning o`rta qismiga bo`yoq, ustidan rangsiz blesk surting. Lablaringiz ancha katta ko`rinadi.

Qoshlaringiz ideal darajada bo`lishi uchun...

Qosh shaklini qalam bilan chizib olib, ustiga ten surtsangiz, qoshga hajm beradi. Qalam rangini sochingizga qarab tanlang: agar sochingiz qora tusda bo`lsa, qalamning biroz ochrog`ini tanlang. Sochingiz mallarang bo`lsa, aksincha, qoshlaringizni to`qroq qalam bilan bo`yaysiz.

Qanday surtiladi? 1. Qosh ko`zning tashqi chegarasidan kalta bo`lmasligi kerak. Qosh uchi ko`z chegarasidan biroz uzunroq bo`lishi lozim.

2. Qoshga qalam tortayotganda pastdan tepaga tomon mayda shtrixlar bilan mayda tuklar chizgandek harakat qiling. Tenni ham xuddi shu usulda chizing.

3. Qoshingizni endi terishni rejalashtirayotgan bo`lsangiz, yodda tuting: eng yaxshi shakl, bu — qoshingizning tabiiy shakli. Qoshning tepasidagi tuklarni kamroq tering, yo`qsa, yuzingiz yig`loqi tus olishi mumkin.

Qaysi ranglar hammaga birdek yarashadi?

Shaftolirang yog`upa

Bu rangdagi rumyanani qancha ko`p surtmang, tabiiylikni saqlab qolasiz. Mallarang sochli ayollar uni yuzning «olmacha»siga, qora sochli qizlar yonoq suyaklari turtib chiqqan qismiga chakka tomon yo`naltiib surtganlari ma`qul.

Ko`k qalam

Ko`z ichiga ko`k qalam chuqur qilib surtilsa, nigoh yorqin va jozibali bo`ladi. Uning sovuq toni ko`z oqini ochartirib, qizargan qismlarni bilintirmaydi. Qalamni kiprik konturi bo`yicha chizib bo`yang.

Binafsharang tenlar

Bu tenlar qora ko`zlarga chuqurlik bag`ishlab, yanada yorqinroq ko`rinishini ta`minlaydi. Ayniqsa, tungi binafsharang smoky eyes pardozi nihoyatda ajoyib sanaladi: qora rangli ten bilan pardoz qilingandan ko`ra bunday obrazda qat`iylik, dramatiklik aks etadi.

«Choy atirguli» rangli lab bo`yog`i

Bu lab bo`yog`i neytral pardozda ham, tungi pardozlarga ham mos tushadi. Xuddi shu rangdagi bleskdan foydalanilganida, lab shaklini kattalashtiradi.

Ma`lumot uchun: krem-pudra tonini tanlay olmayotgan bo`lsangiz, yuzingiz rangidan ochrog`ini olavering. To`qroq rang yoshingizga yosh qo`shib ko`rsatadi!

Katta natija beruvchi kichik qoidalar

Iloji boricha pardozni kun yorug`ida surting. Aks holda ko`chaga chiqqaningizda tanlangan ranglar siz istagandek chiqmaganini ko`rib, hayron bo`lishingiz mumkin.
Nafaqat yorug`lik manbasi, balki siz bo`yanayotgan xona ranglari ham pardozga ta`sir qilishi mumkin. O`z-o`zingizga kosmetolog bo`ladigan xona devorining rangi ochiqroq (yaxshisi oq) bo`lishi kerak.
Hamma ham bo`yanayotganda tonal kremdan avval pardoz asosidan foydalanavermaydi. Ammo bir narsa hamisha yodingizda bo`lsin: kunduzgi namlantiruvchi krem singib bo`lgachgina tonal kremi surtish mumkin.
Sponj (upa surtuvchi vosita) tonal kremi surtishda juda qo`l keladi. Yaxshisi, oz-ozdan yuz qismlariga tonal krem surtib chiqib, sponj bilan «ediring». Kremning bo`yinga va sochga o`tgan chiziqlari ajralib qolmasligiga e`tiborli bo`ling.
Ma`lumot uchun: iyagingiz keng bo`lsa, unga asosiy kremga nisbatan bir ton to`qroq tonal kremi surting. Shu bilan muammo hal bo`ladi. Faqat to`g`ri rang tanlanmasa, iyak yanayam keng va ko`zga yaqqol tashlanadigan bo`lib qolishi mumkinligini unutmang.

DILNOZA tayyorladi
Manba: Darakchi.uz
Категория: Qiziqarli Ayollarga maslahatlar / qiz bolaga maslahat | Просмотров: 947 | Добавил: Admin | Теги: yogini yashiramiz: yuz pardozining , Borini oshiramiz | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar