19:51 Ayronning foydali xususiyatlari bilan tanishamiz | |
Yozning issiq kunlarida ayron chanqoq bosish uchun ayni muddaodir. Biroq u bundan tashqari yana ko‘plab foydali xususiyatlarga ega. Har bir xalq uni tayyorlashning o‘ziga xos texnologiyasiga ega va bu ichimlikning turlicha mazasida ham aks etadi. Ayron yuqori to‘yimlilik xususiyatlariga ega bo‘lganligi tufayli ko‘chmanchi xalqlar uchun taom, qolaversa, shifobaxsh dori vositasi rolini bajargan. Ayron tarkibi Ayron kaloriyasi past ichimlik hisoblanadi. Uning yog‘lilik darajasiga qarab, 100 grammi 25 dan 60 kilokaloriyaga ega bo‘ladi. Shu bilan bir paytda bir stakan ayron bir likopcha sho‘rva ichgandek to‘qlik hissini beradi. Har qanday sutli mahsulot singari u bir qator vitamin va minerallar, shuningdek, biologik faol moddalarga ega. Undagi ko‘p sonli minerallar orasidan kalsiy va fosforni, vitaminlardan esa askorbin kislotasini ajratib ko‘rsatish mumkin. Ayronning foydali xususiyatlari Ayron ajoyib chanqoqbosdi ichimlik hisoblanadi. Uni jazirama paytlarida ichish orqali organizm yo‘qotgan suyuqlik, mineral va vitaminlar o‘rnini qoplash mumkin. Ayron yordamida ochlikni ham yengish mumkin. Ayron ovqat hazm qilish tizimi, ichaklar mikroflorasini yaxshilaydi va shu yo‘l bilan immunitetni kuchaytirishga yordam beradi. Ayronni xush ko‘ruvchi insonlarda disbakterioz kamdan-kam uchraydi, chunki uni muntazam iste’mol qilish ichaklardagi mikroorganizmlar faoliyatini normallashtiradi. Ichimlik xasta yoki kasallikdan so‘ng o‘zini tiklashga harakat qilayotgan kishilarga ham tavsiya etiladi. Odatda bunday jarayon ishtahaning pasayishi bilan kechadi. Ayron esa ishtahani ochib, kishiga tetiklik bag‘ishlaydi. Sharqda ayron tomirlarni tozalaydi deb hisoblashadi. Zamonaviy tibbiyot ham bunday mahsulotlarni iste’mol qilish qondagi xolesterin miqdorini kamaytirishini tasdiqladi. Ayron o‘pkaga kislorod oqimini ta’minlash orqali nafas olish tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Shu sababdan u bronxial astma, pnevmoniya va bronxitdan aziyat chekayotgan bemorlarga shifokorlar tomonidan tavsiya etiladi. Sharq ayollari ayrondan hozirga qadar kosmetik vosita sifatida foydalanadi. Undan yuz uchun niqob tayyorlashdan tashqari, u bilan sochlarini ham yuvishadi. Ayron soch ildizlari va uning butun uzunligi bo‘yicha surilib, bosh yarim soatga o‘rab qo‘yiladi, so‘ngra chayiladi. Ayron ozish vositasi sifatida Ayron ortiqcha vazndan qutulishga ham ko‘mak beradi. Birinchidan uning kaloriyasi juda past. Ikkinchidan u ochlikni qondirish bilan birga organizmga zarur minerallarni yetkazib beradi. Kuniga bir stakan ayron ichish orqali ich qotishi va u bilan bog‘liq muammolar (ortiqcha vazn to‘plash va organizmning zaharlanishi) haqida unutish mumkin. | |
|
Всего комментариев: 0 | |