14:50 AMIRA ALIBEKOVA HAMKASBLARI BILAN MUNOSABATI VA BUXOROLIK BOYNING "ARZANDASI" EKANLIGI HAQIDA(EKSKLYuZIV) | |
«Najotimsan», «Qani-qani», «Ikki sohillar», «Umr o`taveradi», «Uzoqdagi yaqinim» kabi taronalari bilan o`z muxlislarini topib ulgurgan xonanda Amira Alibekova nishondagi savollardan cho`chimadi. Shu bahona u haqidagi ayrim faktlarga ham oydinlik kiritdik. — Bundan besh yil avval «Sensiz» nomli tarona bilan san`at olamiga kirib kelgan Amira Alibekovaga ijodiy tanaffus nima uchun kerak bo`ldi? — Chindan ham bu mening debyut taronam. Aynan shu qo`shiq bilan san`at olamiga kirib keldim, biroq prodyusserlik markazi bilan shartnomamiz amalda bo`lgan vaqt tanaffus qilganim yo`q. Shartnoma muddatining to`rtinchi yiliga kelib, ozroq sustkashlik boshlandi, ya`niki tanaffus qildim. Shartnoma bekor bo`lgach, prodyusserlik markazi bilan hamkorlikka nuqta qo`yildi. — Prodyusserlik markazi bilan o`rtangizda nizo kelib chiqishida kimning qo`li bor? — Rostini aytsam, bilmayman. Hamkorlik qilib kelgan prodyusser bilan o`rtamizda kelishmovchilik kelib chiqdi, ammo bunda kimning qo`li bor, bunisi menga qorong`u. Balki men bilmaydigan boshqa sabablar ham bordir, yana kim biladi, deysiz. Nima bo`lganida ham hammasi yaxshilikka! So`zim chin! — Siz aytayotgan o`sha nizo shartnoma muddatining tugashida taxallusingizning olib qo`yilishi sabab kelib chiqdi. Nega haqiqiy ismingiz bilan ijod qilishni istamadingiz? Yo hamma gap prinsipdami? — Yo`q, bu prinsip emas. Haqiqiy ismim Adelya, bilasiz. Shu nom bilan ham ijodimni davom ettirishim mumkin edi va ishoning, bu men uchun hech qanday «minus» bo`lmasdi. Biroq prodyusserlik markazi bilan besh yillik shartnoma tuzayotganimizda kelishganmiz, aytilgan muddat davomida barcha shartlarni bajarsam, qo`shiqlarim va taxallusim o`zimda qoladi, degan mazmunda. Men va`dasining ustidan chiqadigan insonlarni hurmat qilaman, o`zim ham shundayman! Shartnoma muddati tugagach, kelishuvning unut bo`ganiga achchig`im keldi. Menga berilgan va`dani bajarishlarini talab qildim, xolos. Menimcha, bu adolatdan! Taxallusimni qaytarib olib, yana ijod qilayapman. Umuman olganda, bo`lib o`tgan voqealarni esga olishning keragi yo`q, o`tgani o`tib ketdi. Endi faqat oldinga! — Bu haqida gapirishni istamayapsiz-u, shunday bo`lsa ham bo`lib o`tgan voqealarni piar deganlar ham bo`ldi, Amira? — Bu shunchaki mish-mish! Atay uyushtiriladigan yoxud janjal to`palonli piarlar, meniki emas! Men tinchlik tarafdoriman(kuladi). — Shou-biznesda biror san`atkor bilan bog`liq nizoli voqealar tez tarqaladi. «Och qornim — tinch qulog`im» degan ayrim hamkasblaringiz, prodyusserlik markazlari sekingina o`zini chetga olib qochishi mumkin. Ijodiy hamkorlik masalasi muammo bo`lmayaptimi endi? — Hamkasblarim bilan munosabatlarimiz yaxshi. San`atkorlar orasida ijodini hurmat qilganlarim ko`p. Qolaversa, voqeaning ro`yi-rost tafsilotini bilgan va menga ishongan shou-biznesdagi do`stlarim oxirigacha qo`llab-quvvatlab turishdi. Bilsangiz, bu juda katta yordam. To`g`ri, ayrimlari hayotimdan chiqib ketishdi, aniqrog`i, buni o`zim istadim. Nima bo`lganda ham yaxshilikka bari. — Sutdan og`zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi, bundan keyin shartnoma imzolashda ehtiyotroq bo`lasiz chog`i? — Xatolarimiz bizni ulg`aytiradi, o`z ustimizda ishlashga, tafakkurimizning kengayishiga xizmat qiladi. Bir tarafdan xatolardan minnatdor bo`lishimiz kerak. Negaki, bu juda katta saboq va tajriba-da! Nima bo`lganidan qat`iy nazar hech biriga achinmayman! — Mayli, ortda qolganini eslamaylik, xo`sh, endigi rejalar qanday? Hoynaxoy, yangiliklar ko`p bo`lsa kerak?.. — Muxlislarim uchun atalgan sovg`alar ko`p. Yaqinda «Uzoqdagi yaqinim» nomli yangi qo`shiq yozdik, tez kunlarda premera qilinishi rejalashtirilgan. Klip suratga olish haqida o`ylayapmiz. Xullas, qizg`in ijod buyog`iga! — Amira Alibekova buxorolik boyning arzandasi degan gaplar rostmi? — Yo`g`-a, bu mish-mish, xolos. — Mayli, ishondim. Repertuaringiz u qadar katta emas, bu qo`shiq borasida injiqligingizdan darakmi? — Ijodiy jarayonda injiq emasman, nazarimda. Ammo klip suratga olish vaqti qaysarligim bor. Biror nimani yoqtirishim qiyin. Qo`shiqqa kelsak, u avvalo ruhiyatim bilan uyg`unlashishi lozim. Matni bilan tanishgach, uni o`zimdan o`tkazaman, yuragim «jiz» etsa, demak, u meniki! — Shou-biznesda g`irromlikka duch kelsangiz ham, baribir shu yo`ldasiz. Nima sizni ushlab turibdi? — Ishonch! O`zimga nisbatan ishonchimning balandligi bois tanlagan yo`limdan voz kechmadim. Fikrimcha, har bir inson ayni shunday yashashi kerak. Bu qiyin bilaman, lekin taslim bo`lish muammoni hal etish degani emas. Orzungiz bormi, uning sari dadil odimlayvering, oldinga maqsad qo`ydingizmi, chalg`imang, etishasiz. — «O`zbekKonsert»ning so`nggi yig`ilishida xonanda ayollarning tashqi ko`rinishi, xususan, ko`z-qoshni torttirish, labni shishirish kabilar tanqid qilindi. Siz bunga nima deysiz? — Zamonaviylik tarafdori bo`lgan ko`p qiz-ayollar plastik jarrohlik amaliyotlariga murojaat qilishayapti. Bu naqafat shou-biznes vakilalari, balki uy bekalari orasida ham kuzatilayotgan holat. Tashqi ko`rinishini o`zgartirish har kimning o`z tanlovi, bu borada hech kimga e`tirozim yo`q. Shaxsan o`zim esa sun`iy go`zallikka qarshiman. Tez orada ko`z qovoqlarni torttirish, labni shishirish urfdan qoladi. Xo`sh, keyin-chi, tig` tekkan go`zallikni asliga qaytarish mumkin bo`larmikan? Menimcha, «O`zbekKonsert» yig`ilishida aytilgan gaplarda jon bor! — Amira, o`zbek tilida ravon so`zlashishga qiynalayapsiz, qo`shiq kuylaganda ma`nosini tushunish muammo bo`lmaydimi? — Talaffuzim ustida ishlayapman, o`zbek tilidagi so`zlarni tez-tez takrorlab turaman. Mashq qilaman. Qo`shiq kuylayotganda esa sira ham qiynalmayman. Chunki san`atning aniq bir «tili» yo`q, agar yurakdan kuylasangiz. Bu jarayonni so`z bilan tushuntirish mushkul, taronani ich-ichimdan his qilaman, talaffuzi esa o`z-o`zidan yuzaga keladi. — Siz o`zingizni san`atning qaysi pog`onasida ko`rayapsiz? — Bu yil hammasini yangitdan boshladim. Yangi uyga ko`chib o`tdim, hammasi iziga tushayapti. Yuqoriga qarasam, juda ko`p qavatlar ko`rinadi, nasib qilsa, men ularga ko`tarilaman. Savolingizga aniq javobim yo`q, hammasi oldinda hali! — Vokal mashg`ulotlariga qay darajada ahamiyatlisiz? — Hech bir mashg`ulotni o`tkazib yubormaslikka harakat qilaman. Vokal mashg`ulotlari g`oyat muhim. Mabodo, biror uzrli sabab bilan darsga bora olmay qolsam, uyda mashq qilaman. Hamisha ovozimni sozlab turaman. — Aytishlaricha, ot sport turiga qiziqar ekansiz?... — Ha! Otlar juda sezgir va mehribon jonivor. Ko`pdan beri otda sayr qilmadim, qo`lim tegmayapti. Imkonini topib, ot sporti mashg`ulotlarini tiklashim kerak. Bir sirni ochaymi, o`zimning tulporim bo`lishini orzu qilaman. — Ajabmas, u amalga oshsa! Maroqli suhbat uchun rahmat! — Sizga ham tashakkur! Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi. Manba: Darakchi.uz | |
|
Всего комментариев: 0 | |