22:52 Alisher Uzoqov: «Bayramingiz uzo-o-o-oq davom etsin!!!» | |
Aktyor komedik rollari bilan ayollarimizni turmushning tashvishlaridan ozmi-ko`pmi chalg`ita olgan, yuzimizga tabassum yugurtirgan Alisher Uzoqov bilan poytaxtning betakror go`shasi – «Toshkent gullari» do`konida o`tkazilgan fotosessiyadan so`ng bir finjon qahva ustida kechgan suhbatimiz bayram kayfiyatingizga monand tushadi, degan umiddamiz. — Gullar — siz erkaklarning asosiy qurolingiz. Bir dona atirgul bilan ayol ko`nglini zabt etishingiz, mehrini qozonishingiz mumkin. Bejirimgina guldastani ko`rgan ayol yorining bor gunohlarini aft etishi ham ajablanarli holatmas. Uning ifori baxtning iforidek, qo`limizga olishimiz bilan baxtni his qila boshlaymiz. — Biz esa shu hissiyot abadiy bo`lishini istaymiz. Bugun gul sovg`a qildikmi, u orqali taqdim etgan quvonchimiz qaniydi ayollarni hech tark etmasa... Biroq ayollarning ajoyib odati bor-da, tez unutib yuborishadi. 9 mart bo`lishi bilan qovoq-tumshuq qilib qolishlari ham hech gapmas. Bir dona atirgulmi, bir quchoqmi — uni qo`lga olganlaringizda ko`zlaringiz yashnab ketishi bizni ham mamnun qiladi! Shu zavqni ushlab qoling. Arzimas sabablar tufayli esdan chiqarib yubormang. Shunda sizni hamisha gul bilan xushnud etgimiz keladi. — Sizningcha, ayol kishi har doim kulib turishi kerak ekan-da... — Albatta, bu ayollarning vazifasi. — Erkaklar-chi? — Shartmas. Bizning tabiatimiz shunaqa — biroz jizzakiroqmiz. — Alisher, sizga o`zingizni tushunish qiyinmi yoki nozik hilqat vakilalarini? — O`zimni hamon tushunmayman. Ba`zi vaziyatlarda nima istayotganimni bilmay qiynalaman. Ayollarni tushunish esa oson. — Yo`g`ey, ko`pchilik buning aksini aytadi... — Menimcha, ayol kishiga xo`p deyish kerak. Bahslashish, tortishish befoyda. Mana, sizlarni tushunishning yo`li. — Ilk bor kimga gul sovg`a qilganingizni eslay olasizmi? — Onamga bo`lsa kerak. Bog`cha paytlarimda, adashmasam. — 8 martda hech qovun tushirib qo`yganmisiz? — Yo`-o`-o`q!!! — Bolalaringizga qarab qanday haqiqatlarni anglayapsiz? — Vaqt juda tez o`tayotganini, qariyotganimni tushunayapman. Kechagina chaqaloq bo`lgan bolalarimning birpasda tili chiqdi, bugun yugurgilab yurishibdi. — Qarishdan qo`rqasizmi? — Yo`q. Qo`rqsam-qo`rqmasam, baribir, vaqtni to`xtatib qololmayman-ku. — Komplekslaringiz... — Hozir deyarli yo`q. Avvalari bor edi. Ulg`ayganingiz sari hayotning asl mohiyatini anglab borarkansiz. Bu hayotda kim bilandir tortishib, o`zingizni isbotlashga urinishlar befoyda. Shu haqiqatni anglagach, o`zimni borimcha qabul qila boshladim. Komplekslarim ham yo`qoldi, o`zim tugul boshqalarning kamchiliklari ham ko`zimga ko`rinmay qoldi. — Oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarga she`rlaringizni qo`ya boshladingiz... — Avvaliga be`mani ijod namunalariga kesatiq tarzida she`r qoralab yurdim. Ijodni o`yin bilayotganlarga ko`zgu tutmoqchi edim. Іali-veri fikrlarim ularga etib bormaydi. Lekin ko`rasiz, bu she`rlar yashaydi. Muxlislarimning yozganlarimga munosabat bildirayotganlaridan ilhomlanib, yozishda davom etayapman. O`zimning uslubimni topgandekman... — Alisher, siz o`zini har jabhada sinab ko`rishdan charchamaydiganlardansiz. Odamlarning hali xonandalikka, hali futbolga o`zingizni urishingizni qabul qilmasliklaridan cho`chimaysizmi? Tanqidlar ham etarlicha bo`ldi, adashmasam. — Ko`zim etgan ishgagina qo`l uraman. Agar odamlar nima derkan, deb o`tirsam, hech narsa qilmasligim kerak. Men bolaligimdan yaxshi ko`rgan, qiziqqan mashg`ulotlarim bilan shug`ullanib ko`rishga o`rganganman. Kichkinaligimda televizorning ovozini pastlab, filmlarni dublyaj qilardim, futbol sharhlardim. Qilayotgan barcha ishim ularga bo`lgan muhabbatim tufayli, aslo mashhur bo`lish, tanilish yo`lidagi har tomonga o`zni urish emas. Tanqidga kelsak, hech kimning og`ziga elak tutib bo`lmaydi. Boshqalarning fikri bilan tanlagan yo`lingizdan chekinsangiz, hech qachon hech narsaga erisha olmaysiz. — Farzandlaringizga ham yaxshi ko`rgan ishlari bilan shug`ullanishga imkon berayapsizmi? — Albatta. Umuman, har bir ota-ona farzandining qiziqishlaridan kelib chiqib, turli sohalarga yo`naltirib ko`rishi kerak. Iqtidori namoyon bo`lgani bilan esa shug`ullanishga ruxsat berishi lozim. Shunda u yomon yo`llarga yurmaydi, tashqi ta`sirlarga berilmaydi. O`zini izlaydi. — Sizning qarashlaringizni o`zgartirgan, ulg`aytirgan voqealar. — Bo`lgan. Ko`p bo`lgan. Otamning vafotidan keyin birdan ulg`aydim. Tanaffusdagi uch yilim ham oson kechmadi. Bilasizmi, xonandalar sahnadan uzoqlashishsa ham, ijod qilaverishlari mumkin. Qo`shiqlar yozadi, kuylaydi, kliplar suratga oladi, internetga joylaydi. Muxlislari chin bo`lsa, o`zlari topib, eshitaverishadi. Men aktyorman, kamera, kino bilan tirikman. Ijoddan birdan to`xtab qolganim hayotga nisbatan qarashlarimni o`zgartirdi. Oldinlari hamma narsaga engilroq qarardim-da. To`g`ri, tushkunlik botqog`iga botib o`tirmadim. Ssenariy yozdim. Izlandim. Oq-qorani ajrata boshladim. Atrofimdagilarning munosabati oydinlashdi. Har neda hikmat borligiga yana bir bor amin bo`ldim. — Kimlarni tinglaysiz? — Nasiba Abdullaevaning ijodini juda yaxshi ko`raman. Qalbining go`zalligi qo`shiqlariga ko`chgan. Ko`nglingizga bahoriy tuyg`ularni olib kiradi. Sevara Nazarxonning shirali va dardli ovozi yoqadi. Dard hech bir yurakka begona emas. Shunga ham Sevarani tinglash bilan ruhan orom olsam kerak. Jahongir Otajonovning ham muxlisiman. O`zgacha san`atkor. — Ha, Jahongir Otajanov o`zini qoliplarga solmagan. — Aytayapman-ku, o`zgacha deb. Ijodkor uchun erkinlik juda muhim. Erkinlikni his qilgan san`atkor ko`ngliga qarshi borib kuylamaydi... — Alisher, sizga ham ko`nglingizga quloq tutib yashashni tilab qolamiz. Endi ayollarimizga atalgan bayram tilaklaringizni eshitsak... — Hozir... o`ylab olay... Har bir ayol o`zi sevgan, mehr qo`ygan insonidan kutgan so`zlari, izhorlarini hamisha eshitib yursin. Guldan ham avval sizlarni shunday so`zlar baxtli qiladi. — Rahmat! Shoira ShAGIAHMEDOVA suhbatlashdi. Fotomuxbir: Abror ABDULLAEV Manba: Darakchi.uz | |
|
Всего комментариев: 0 | |